Baxshilarning birinchi xalqaro festivali Termizda boʻladi

Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiyot hamda ijtimoiy soha rivojiga toʻsqinlik qilayotgan kamchilik va muammolar ochiq-oydin aytildi.

Murojaatnomani tinglab, davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosat iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy yuksalish sifatida dunyoni kengroq anglashimizga xizmat qilib, tafakkurimizda va hayotimizda katta oʻzgarishlarga sabab boʻlayotganini yanada teran his etdik.

Prezidentimizning “Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak. Shu maqsadda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida “Oʻzbekiston tarixi” kanalini tashkil etib, ilmiy jamoatchilik, ijodkor ziyolilarimiz bilan birgalikda uning dasturlarini puxta shakllantirish kerak”, degan tashabbusi tariximiz va madaniyatimizni puxta oʻrganish borasidagi yana bir muhim qadam boʻldi.

Davlatimiz rahbarining milliy madaniyatimiz va sanʼatimiz istiqboli yoʻlida qabul qilayotgan farmon va qarorlari madaniyatimiz tarixi, uning ravnaqida yangi sahifalarni ochmoqda.

Oʻtgan davr mobaynida qadimiy va noyob durdonalarimiz hisoblangan maqom, baxshilar va dostonchilik sanʼatining eʼtibordan biroz chetda qolayotgani afsuslanarli holatlardan biri edi. Milliy madaniyatimizning tub ildizi va jon tomiri boʻlgan mumtoz qoʻshiqchilik hamda xalq ijodiyotining durdonalarini asrab-avaylash borasidagi amaliy gʻamxoʻrlik bois sanʼatning ushbu turlarini yanada rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorlari nainki maqom ijrochilari va baxshilar, balki musiqa ixlosmandlari koʻnglini shod etdi. Bu hujjatlar milliy sanʼatimiz tarixini yanada chuqur oʻrganish, targʻib qilish, asl sanʼatni soxtadan ajrata olish, shuningdek, baxshichilik va dostonchilik sanʼatining qadimiy namunalarini asrash va rivojlantirish, yoshlar qalbida bebaho merosimizga hurmatni kuchaytirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-maʼnaviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishda keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Markazimiz tomonidan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali va uning doirasida oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy anjuman borasida bir qator diqqatga sazovor ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Oʻzbekiston baxshilari” nomli kitob-albom nashrga tayyorlanib, oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etish uchun “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyiga topshirildi. Mazkur kitobga dunyoga tengdosh baxshichilik sanʼatini asrdan asrlarga, ajdodlardan avlodlarga olib oʻtgan atoqli namoyandalar – Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Islom shoir Nazar oʻgʻli, Muhammadqul Jonmurod oʻgʻli Poʻlkan, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli, Umir shoir Safar oʻgʻli, Bola baxshi, Rahmatulla Yusuf oʻgʻli, Qodir baxshi Rahimov va mustaqillik yillarida baxshichilik sanʼatini targʻib qilib, xalqimiz orasida hurmat qozongan 23 nafar Oʻzbekiston xalq baxshilari hamda yosh baxshilarning ijodiy faoliyati kiritildi.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan qarorda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida festivalni targʻib etishga moʻljallangan oʻzbek, rus va ingliz tillarida videorolik tayyorlandi. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan qariyb 240 nafar baxshining roʻyxati shakllantirildi.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi hamkorligida televideniye va radio arxivida saqlanayotgan baxshilar ijrosidagi dostonlarni magnit tasmalardan zamonaviy format – CD va DVD disklarga oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunga qadar 20 nafar baxshi ijrosidagi dostonlarning audio disklari tayyorlandi. Ushbu audioyozuvdagi dostonlar qogʻozga tushirilib, risolalar tayyorlanmoqda. Hozirgacha 10 ta doston kitob holiga keltirildi.

Shuningdek, Markaz tomonidan ushbu anjuman toʻgʻrisida maʼlumot berish maqsadida MDH mamlakatlari hamda boshqa xorijiy davlatlardagi tegishli tashkilot va muassasalar bilan aloqalar oʻrnatilib, mazkur festivalda 100 ga yaqin xorijiy davlatlar vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda. Ayni paytda ushbu yoʻnalishda ilmiy izlanishlar olib borayotgan 30 nafar xorijlik olim anjumanda ishtirok etish istagini bildirib, oʻz maʼruzasini taqdim etdi. Ular orasida AQSH, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va Turkiya kabi yirik mamlakatlar vakillari borligi barchamizni xushnud etmoqda. Bundan tashqari, festival va anjuman haqidagi anonslar uch tilda markazimiz saytiga joylashtirildi.

Xalqaro festivalni muntazam yoritib borish maqsadida www.bakhshi.uz veb-sayti ishga tushirilib, mazkur saytga baxshilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda ularga doir foto, video va audio materiallar joylashtirildi. Ushbu saytda xalqaro festivalda ishtirok etish uchun onlayn arizalar qabul qilish ham yoʻlga qoʻyildi.

Prezidentimizning baxshichilik sanʼatini xalqaro miqyosda keng targʻib etishga oid qarori koʻhna tariximizning soʻnmas ohanglarini butun dunyoga eshittirish va bu noyob sanʼatning oʻziga xos ijrochilik uslubi va xususiyatlarini namoyish etish uchun barcha imkoniyatlarni yaratadi. Kelgusida baxshilarimiz doʻmbirasi ohangini, oʻzbek xalq dostonlaridagi ibratli va hikmatli insonparvarlik gʻoyalarini madh etuvchi qoʻshiqlarni dunyo ahli tinglaydi. Festivalga tashrif buyuradigan chet ellik mehmonlar boy tariximiz bilan yaqindan tanishib, qalblarga faqat ezgulik ulashuvchi doʻmbiraning noyob ohangini va baxshilarning yuksak mahorati bilan insonni komillikka yetaklaydigan xalq ogʻzaki ijodining nodir durdonalaridan bahra oladilar.

Baxshilarning birinchi xalqaro festivalini 2019 yilning 5-10 aprel kunlari oʻtkazish rejalashtirilgan. Festival Termiz shahrida boʻlib oʻtadi.

Azamat Haydarov,
 
Respublika madaniyat muassasalari
faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik
markazi direktori, professor.

 

OʻzA