Londonda ishlagan mutaxassis – hokimga maslahatchi boʻldi

Uzoq yillar xorijda ishlab tajriba orttirgan mutaxassis –Nazirjon Joʻrayev Navoiy viloyati hokimining investitsiya va innovatsiyalar boʻyicha maslahatchisi vazifasiga tayinlandi.

N.Joʻrayev 1983 yilda Karmana tumanida tugʻilgan. Navoiy davlat konchilik institutini bitirgan. 2007 yilda London buxgalteriya va moliya kollejini tamomlagach, 2011 yilgacha Angliyada “Oceanic Village LTD” kompaniyasida menejer, 2018 yilgacha “Jones Lang Lasalle” kompaniyasida biznes inshootlarini boshqarish boʻyicha menejer yordamchisi vazifalarida ishlagan. Shuningdek, London qimmatli qogʻozlar bozorida tajriba toʻplagan. Shu davrda Angliyadagi Raskin universitetining magistratura bosqichida taʼlim olgan.

– Oʻzbekistonda men kabi yosh mutaxassislarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrib, tugʻilib oʻsgan yurtimga qaytib, xizmat qilishga qaror qildim. Viloyat hokimining taklifidan ruhlanib, gʻayrat va shijoat bilan ishga kirishaman. Navoiy viloyati juda katta resurslarga boy hudud hisoblanadi. Xususan, yer osti va yer usti tabiiy zaxiralaridan qurilish industriyasida keng foydalaniladigan shisha, marmar va granit toshlari hamda bazalt tolasini ishlab chiqarish imkoniyatlarini oʻrganib chiqdim. Xorijiy investorlar bilan mustahkam kooperatsiya aloqalarini oʻrnatib, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha viloyatda katta imkoniyatlar mavjud. Xorijda oʻrganganlarimni hayotda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlganimdan minnatdorman, – deydi hokim maslahatchisi N.Joʻrayev.

Tajribali mutaxassis viloyatga kamida 2 ta xalqaro banklarning investitsiyalarini jalb etish, Germaniyadagi xalqaro universitetning filialini ochish hamda bir qator innovatsion gʻoyalarni oʻz ichiga olgan investitsion loyihalar boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surmoqda.

– Tarixdan maʼlumki, ota-bobolarimiz shu muqaddas zaminda yashab dunyo tamadduniga – sivilizatsiyasiga asos solgan. Ularning bilimini uzoq yillar oʻzlashtirgan gʻarb olami rivojlandi. Biz bugun ularning tajribasini islohotlar jarayonida qoʻllayotgan boʻlsakda, vaqti kelib albatta, sivilizatsiya yana Ona zaminiga qaytadi. Men bunga ishonaman. Shunda dunyo hamjamiyati yana bizdan andoza olishiga, oʻrganishiga toʻgʻri keladi, – deydi N.Joʻrayev.

Navoiy viloyati hokimligi
Axborot xizmati