Qatar poytaxti Doha shahrida futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yarim final bahsida Indoneziya termasi bilan kuch sinashdi.

Temur Kapadze shogirdlari mazkur o‘yinda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va Osiyo kubogi finali hamda eng muhimi futbolimiz tarixida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Albatta, bu kun mamlakatimiz sporti tarixiga oltin harflar bilan yozib qo‘yildi.

Futbol ixlosmandlarining 28-yillik orzusi ushaldi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi “Parij-2024” Olimpiadasida ishtirok etadi. Barakalla yigitlar.

Shu o‘rinda, mustaqillikka erishganimizdan buyon futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoalarimizning bosib o‘tgan yo‘liga bir nazar tashlasak.

Futbolchilarimiz Olimpiadaga yo‘lni 1996 yilgi «Atlanta-1996» Olimpiya o‘yinlari saralash bosqichidan boshlagan. Dastlab, futbolchilarimiz mazkur musobaqaga chiqish uchun o‘tgan saralash bahslarining ilk bosqichida qatnashgan va omadsizlikka uchragan.

So‘ngra «Sidney-2000» Olimpiadasi uchun navbatdagi urinishda mag‘lubiyatga uchragan. Shuningdek, futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoamiz «Afina-2004», «Pekin-2008», «London-2012», «Rio-2016» va «Tokio-2020» Olimpiya o‘yinlarining saralash bahslarida ishtirok etish uchun bir necha bor o‘z omadlarini sinab ko‘rdilar. Afsuski, bu sinovlar futbolchilarimiz uchun muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirishga qaratilgan ulkan e’tibor orqali yurtimizda iqtidorli futbolchilar kamol topa boshladi. Ularning o‘z iste’dodlarini namoyon qilishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Buning natijasida ayni damda Qatar yashil maydonlarida xalqimizning uzoq kutilgan orzusini amalga oshiradigan jamoa shakllandi. Bu jamoa hali ulkan marralarni zabt etishi shubhasiz.

Temur Kapadze qo‘l ostidagi jamoamiz endi 3-may kuni Osiyo kubogini qo‘lga kiritish uchun maydonga tushadi. Olimpiyachilarimizning ushbu sovrin yo‘lidagi so‘nggi raqibi bugun, Toshkent vaqti bilan 22:30 boshlanadigan Iroq va Yaponiya terma jamoalari o‘yinida aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, yarim final bosqichida mag‘lub bo‘lgan jamoalar 2-may kuni musobaqaning uchinchi o‘rni uchun o‘tadigan bellashuvda ishtirok etadi. Unda g‘olib bo‘lgan jamoa “Parij-2024” musobaqasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi.

Imkoniyatni boy berib qo‘ygan terma jamoa esa Afrika kubogida 4-o‘rinni egallagan Gvineya termasi bilan 9-may kuni qit’alararo pley-offda raqobatlashadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA