Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogining to‘rtinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza, jami 7 ta medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz Gimnastika federatsiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqada dunyoning 34 mamlakatidan 100 dan ortiq gimnastikachi qizlar ishtirok etdi.
Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tgan mazkur musobaqada Taxmina Ikromova yakkalik bahslarining halqa va to‘pda mashq bajarish bellashuvlarida oltin, bulava hamda tasmada mashq bajarishda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Taxmina ko‘pkurashda o‘zining uchinchi kumush medaliga ega chiqdi.
Guruh bahslarida 3 ta tasma va 2 ta to‘pda mashq bajarishda Shahzoda Ibragimova, Mumtozabonu Is’hoqzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Iroda Sodiqovadan tashkil topgan jamoamiz kumush medal bilan taqdirlandi.
Musobaqaning yakkalik bahslarida Natalya Usova bulavada mashq bajarishda shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA