Bugun, 29-aprel kuni poytaxtimizdagi “Humo Arena” muz saroyida Oʻzbekiston U18 terma jamoasi Birlashgan Arab Amirligi U18 terma jamoasi bilan Osiyo-Okeaniya kubogining yarim finalida kuch sinashadi.

Kecha Osiyo-Okeaniya kubogining guruh bosqichidagi uchrashuvlarga yakun yasaldi. Unda O‘zbekiston U18 terma jamoasi «A» guruhi peshqadami Tailand xokkeychilari bilan bahs olib bordi. Murosasiz kurashlarga boy kechgan uchrashuvda 7:5 hisobida vakillarimiz g‘alabaga erishdi.

Yarim finalning ikkinchi juftligida Tailand – Mo‘g‘uliston terma jamoalari final yo‘llanmasi uchun ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo-Okeaniya kubogida jamoalar ikki guruhga bo‘lingan holda kuch sinashmoqda. Poytaxtimizda o‘tayotgan «A» guruhida O‘zbekiston, Tailand, Eron, Malayziya va Quvayt o‘smirlar terma jamoalari, Samarqandda esa «V» guruhidan joy olgan Mo‘g‘uliston, BAA, Hindiston, Makao va Indoneziya o‘smirlar terma jamoalari bahs yuritmoqda.

O‘yinlar 30-aprelga qadar davom etadi.

 

T.Ro‘ziyev, O‘zA