Bugun, 30-aprel kuni poytaxtimizdagi «Humo Arena» ko‘p tarmoqli majmuasida xokkey bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Osiyo va Okeaniya kubogi g‘olibi aniqlanadi.
Mazkur musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvida O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Ushbu uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 19:30 da boshlanadi.
O‘zbekiston terma jamoasi yarim finalda BAAni 12:0 hisobida, Tailand termasi esa Mo‘g‘ulistonni 7:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Osiyo va Okeaniya kubogining guruh bosqichida O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari o‘zaro raqobatlashgan. “A” guruhidan o‘rin olgan ushbu o‘yinda vakillarimiz 7:5 hisobida zafar quchgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA