Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 14 yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi davlat qoʻmitasi negizida xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish boʻyicha uchta yangi davlat tashkiloti tashkil etiladi.

Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, raqobatbardoshlikni oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirish, investitsiyalar, avvalo, iqtisodiyotning bazaviy va tarkibiy asosini tashkil etuvchi sohalarga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Bunda, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, fond bozorini rivojlantirish va sogʻlom raqobat muhitini yaratish faol investitsiya siyosatini olib borish, jamiyat va davlat faoliyatining barcha sohalarini jadal va barqaror rivojlantirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, bir davlat organi doirasida davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi hamda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish funksiyalarining jam boʻlishi qator toʻplanib qolgan muammolarga sabab boʻldi.

Shuning uchun institutsional va tarkibiy islohotlarni jadallik bilan amalga oshirish, davlat aktivlarini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida uchta yangi davlat tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi oʻrnini Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi egallaydi. U qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq amaliyotlar bilan shugʻullanuvchi investorlar, hamda qimmatli qogʻozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan shugʻullanadi.

Markaz shuningdek, fond birjalari va qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash, kapital bozorini rivojlantirish va tartibga solish masalalari boʻyicha xorijiy va xalqaro institutlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga javob beradi.

Faoliyati tugatilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vazifalarining bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtadi. Yangi idora davlat, shu jumladan, xorijdagi aktivlarni boshqarish, xususiylashtirish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish, davlat mulkini ijaraga berish bilan shugʻullanadi. Agentlikning muhim yoʻnalishlaridan biri iqtisodiy nochor korxonalarni davlat ishtiroki yordamida moliyaviy sogʻlomlashtirish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlash hamda rieltorlarni sertifikatlashdan iborat boʻladi.

Monopoliyaga qarshi kurashishni yanada tartibga solish va raqobat muhitini rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tashkil etiladi. Uning zimmasiga bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlar taqdim etuvchi raqobatbardosh mahalliy bozorni shakllantirish, tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati ustidan nazorat oʻrnatish va tovar xomashyo birjalarini litsenziyalash boʻyicha vazifalar yuklatildi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA