Oʻzbekiston va Rossiya Ombudsmanlari inson huquqlari sohasida memorandum imzoladi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili Tatyana Moskalkova boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi.

Tashrif doirasida 16 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikki mamlakat Ombudsmanlari hamkorligiga bagʻishlangan xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Narimon Umarov, Inson huquqlari boʻyicha vakil Ulugʻbek Muhammadiyev, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va boshqalar delegatsiya aʼzolarini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar mazmuni bilan tanishtirdi.

Global miqyosda olib qaralganda, bugun dunyoda inson huquqlariga aloqador munosabatlar tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Ayniqsa, xalqlar, mamlakatlar oʻrtasida siyosiy, gumanitar munosabatlarni muvofiqlashtiruvchi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligidan jahonning yetakchi davlatlari chiqib ketayotgani bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda.

Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili Tatyana Moskalkova jahonda inson huquqlari sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni tilga olib, Oʻzbekiston ana shunday vaziyatda nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash ishlariga tizimli yondashayotganini taʼkidladi.

– Mamlakatingizda fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilish boʻyicha taʼsirchan mexanizmlar ishlab chiqilgan boʻlib, inson huquqlari boʻyicha institutlar rivojlanmoqda, – dedi T.Moskalkova. – Bunga misol Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazidir. Shu kabi tuzilma bizda hali yoʻq, lekin joriy yildan tashkil etishni rejalashtirganmiz. Umid qilamanki, delegatsiyamiz tashrif davomida inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.

Oʻzbekiston bilan Rossiya Ombudsmanlari oʻrtasida hamkorlik rivojlanmoqda va bu jarayon xalqaro forumlar doirasida yanada izchillashgan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida faoliyat yurituvchi inson huquqlari boʻyicha vakillar bilan hamkorlik mustahkamlanib borayotir. Masalan, 2015 yil bilan taqqoslanganda, 2018 yilda tomonlar ishtirokida koʻrib chiqilgan ishlar soni 2,5 barobar oshgan.

Tadbir yakuni boʻyicha tomonlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, axborot-tahliliy va huquqiy materiallar almashish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro tajriba va ilgʻor ishlanmalarni oʻrganish, xalqaro tashkilotlar va forumlar doirasida konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etishni nazarda tutadi.

T.Moskalkova Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov bilan ham uchrashdi. Mehmonlarga mamlakatimizda Bolalar va yoshlar huquqlari boʻyicha Ombudsman institutini joriy etish masalasi oʻrganib chiqilayotgani haqida maʼlumot berildi.

Muloqotda tomonlar aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari, jumladan, mehnat migratsiyasi va shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili T.Moskalkova boshchiligidagi delegatsiya shu kuni Oliy Majlis Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev bilan uchrashdi.

Rossiya delegatsiyasi 17 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishadi.

2.jpg

5.jpg
9.jpg

 

Malohat Husanova, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA