“Yil talabasi” tanlovida kimlar gʻolib?

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va vazirlik huzuridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi tomonidan tashkil etilgan “Yil talabasi” respublika tanlovining gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 sentyabrdagi “Taʼlim tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosantalaba va oʻquvchilarning darsdan boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik hamda mutolaa madaniyatini shakllantirish orqali ularning maʼnaviy dunyosini yuksaltirishga doir ishlarni keng yoʻlga qoʻyish, yoshlarni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ijtimoiy aksiyalar, tadbir va tanlovlar tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Yil talabasi” tanlovidan koʻzlangan asosiy maqsad ham yoshlarni yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan yanada unumli va oqilona foydalanishga chorlash, yurt, jamiyat oldidagi burch va masʼuliyatini yanada kuchaytirish, iqtidorli talabalarni aniqlashdan iborat. Loyiha davomida yoshlarning intizomi, bilimi, fanlarni oʻzlashtirishi, izlanish va intilishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

“Yilning oʻz mutaxassisligi boʻyicha eng bilimdon talabasi” nominatsiyasida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi Sardor Bozorboyev,“Yilning eng tashabbuskor talabasi” nominatsiyasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali talabasi Sardor Berdiyev, “Yilning ixtirochi talabasi” nominatsiyasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi Umid Ravshanov, “Yilning sportchi talabasi” yoʻnalishida Qoʻqon davlat pedagogika instituti talabasi Bektemir Meliqoʻziyev birinchi oʻringa munosib topildi. Shuningdek, tanlovning “Yilning ijodkor talabasi” nominatsiyasida Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Sanjarbek Azimov, “Yilning eng faol targʻibotchi talabasi” nominatsiyasida Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Mohinur Joʻrayeva, “Yilning eng faol notiq talabasi” nominatsiyasida Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filiali talabasi Gavhar Usmonxoʻjayeva birinchioʻringa sazovor boʻldi.

Gʻolib va sovrindorlar statuetka, pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi.

11.JPG

5.JPG
17.JPG

 

N.Usmonova, A.Abdullayev (surat), OʻzA