Oʻmon Sultonligining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuv

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oʻmon Sultonligining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Ahmad bin Said bin Umar al-Kasiriy bilan uchrashdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saytida xabar berilgan.
photo5330375506547288646.jpg
Uchrashuvda Abdulaziz Komilov yangi tayinlangan elchi janoblariga ishonch yorligʻi nusxasini topshirar ekan, Oʻzbekiston bilan Oʻmon oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi, deyiladi xabarda.
Suhbat chogʻida tomonlar oʻtgan yilning sentyabr oyida Oʻmon Sultonligining poytaxti – Masqat shahrida mamlakatimiz elchixonasining ochilishi Oʻzbekiston – Oʻmon muloqotini rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonch bildirdi.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa qator sohalardagi hamkorlik istiqbollari, 2019 yilda ikki tomon ishtirokida oʻtkaziladigan qoʻshma tadbirlar hamda kun tartibiga kiritilgan boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

 

OʻzA