Fargʻonada “Oʻzbekiston – Xitoy: mintaqalar hamkorligi” deb nomlangan fotokoʻrgazma ish boshladi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston – Xitoy hamkorlik munosabatlari keng koʻlam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga koʻtarilayotgani taʼkidlandi. Xususan, hududlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyilayotgani toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim oʻrin tutmoqda.
Fargʻona viloyati va Xubey, Shandun provinsiyalari oʻrtasida doʻstlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgani tadbirkorlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bugungi kunda viloyatda Xitoy kapitali ishtirokida 60 dan ortiq korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Hududlar ishbilarmonlarining hamkorlikda biznes forumlar oʻtkazishi muntazamlik kasb etgan. Oʻtgan yilda viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Xitoyda boʻlib, koʻplab samarali shartnomalar tuzishga erishildi. Shuningdek, viloyat delegatsiyasi Xitoyning Xubey provinsiyasi maʼmuriy markazi Uxan shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro birodar shaharlar konferensiyasida ishtirok etdi. Xitoyning bir qator provinsiyalaridagi yirik kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar ham viloyatga tashrif buyurdi va bir qator investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish harakatlari boshlandi.
Bugungi kunda madaniy aloqalar ham tobora mustahkamlanmoqda. Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimi bilan Xitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi oʻrtasida yaqin munosabatlar oʻrnatilib, soʻnggi 3 yilda 30 dan ziyod fargʻonalik jurnalist oʻzaro tajriba almashish uchun Xitoyga bordi, 31 nafar xitoylik jurnalist esa Fargʻonaga keldi.
Viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida tashkil etilgan mazkur fotokoʻrgazma Oʻzbekiston – Xitoy doʻstlik munosabatlari, mintaqalararo hamkorlikdan hikoya qiladi. Ayniqsa, Fargʻona viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan qoʻshma korxonalar faoliyati, viloyat delegatsiyasining tashrifi, Xitoyning turli provinsiyalaridan olingan suratlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda.
– Fargʻonada sopol plitkalar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etganmiz, – deydi “Moderna ceramic indusries Ferghana” MCHJ shaklidagi Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasi taʼsischisi Go Li Xong. – Ayni kunlarda bu yerda 300 kishi mehnat qilmoqda, mahsulotlar eksportga ham yoʻnaltirilmoqda. Oʻtgan yili ikkinchi bosqich ishga tushirilgan boʻlsa, joriy yilda yana 3 ta loyihani amalga oshirish harakatidamiz. Bugungi fotokoʻrgazma iqtisodiy-madaniy aloqalar yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.