O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2017-yil 9-iyun kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT va uning tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Orol fojiasining ekologik oqibatlarini yumshatishga doir masalalar muhokama etilishi rejalashtirilgan.
Tashrif dasturida Samarqand, Nukus va Mo‘ynoq shaharlariga borish ko‘zda tutilgan.