MTM uchun oʻquv jihozlari bepul

Mamlakatimizdagi barcha maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalar ongini rivojlantiruvchi bosma materiallar endilikda bepul taqdim etiladi. Oʻquv-uslubiy toʻplam tarkibiga husnixat daftarlari, mavzuga oid rejalashtirish boʻyicha jurnallar, bolalarning turli yoshdagi guruhlari uchun kartochkalar va plakatlar kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, poytaxtimiz va boshqa hududlardagi maktabgacha taʼlim muassasalarini oʻzbek va rus tillaridagi bepul bosma materiallar bilan taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli dastur boshlandi.

Loyihaga jalb etilgan investitsiyalar miqdori 8 milliard soʻmni tashkil etadi. Joriy yilning birgina yanvar oyi yakuniga qadar maktabgacha taʼlim muassasalariga 270 ming husnixat daftar, 18 ming kartochka toʻplami, 10 ming plakat yetkazib beriladi. Tarbiyachilarga bolalar bilan mashgʻulotlarni tashkil etishi uchun mavzuga oid rejalashtirish boʻyicha jurnallar ham taqdim etiladi.

Ishlab chiqarilgan bosma oʻquv qurollari yurtimizning barcha maktabgacha taʼlim muassasalariga yetkazib beriladi. Kartochkalar turli mavzulardagi 27 kichik toʻplamdan iborat. Shuningdek, plakatlar cholgʻu asboblari, yoʻl harakati qoidalari, kasblar, yil fasllari va boshqa koʻplab mavzularga oiddir. Respublikaning har bir maktabgacha taʼlim muassasasi bola soni va sigʻimiga qarab taʼminlanadi. Bu esa guruhlar oʻrtasida kichik toʻplamlarning vaqti-vaqti bilan almashinishi sharti asosida bolalarni rivojlantiruvchi bosma oʻquv anjomlari bilan doimiy taʼminlashni talab etadi. Maktabgacha taʼlim muassasasining har bir 6 yoshli tarbiyalanuvchisi husnixatga ega boʻladi.

Shunisi ahamiyatliki, barcha oʻquv jihozlarining bepul berilayotganini ota-onalar ham bilishi lozim. Bu kabi saʼy-harakatlar farzandlarimizning barkamol boʻlib ulgʻayishi uchun sarmoya boʻlsa, bir tomondan ota-onalarga yengillik ham beradi.

Birinchi navbatda, qishloq hududlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarini bosma materiallar bilan taʼminlash belgilangan.

Har bir maktabgacha taʼlim muassasasi rivojlantiruvchi toʻplamlarni olish jarayoni va tasdigʻini Maktabgacha taʼlim vazirligining www.mdo.uz rasmiy sayti orqali nazorat qilib borishi mumkin.

 

B.Meliqulova, OʻzA