Nukusda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi hamda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz O‘zbekistonda yashayotganining 80 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi koreys, rus, ukrain, qozoq, turkman milliy madaniy markazlari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma bilan boshlandi. Turli millat vakillarining o‘z tarixi, san’ati, liboslari, madaniy meros namunalari namoyish etilgan ko‘rgazma barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik aloqalari xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilayotgani, Prezidentimiz rahnamoligida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 50 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv, ahil-inoq yashab, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etmoqda. Ayni paytda Orolbo‘yi mintaqasida 6 mingdan ziyod koreys millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, qiziqishi va layoqati bo‘yicha kasb-hunar egallashi, milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Ota-bobolarimiz 1937-yili Qorqalpog‘iston Respublikasiga ko‘chib kelgan, – deydi Qoraqalpog‘iston koreys milliy madaniy markazi raisi M.Kogay. – O‘sha davrda asosan baliqchilardan iborat 1 ming 383 oila, ya’ni 6 ming 826 kishi Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Xo‘jayli tumanlariga joylashtirilgan. Ular mintaqada, ayniqsa, sholichilik rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Seleksionerlarimiz tomonidan bu ekinning “Avangard”, “Nukus-2” kabi ertapishar, serhosil navlari yaratilib, mo‘l hosil yetishtirilgan.
Qo‘ng‘irot tumanida Pak Guk, Qanliko‘l tumanida Xe Nam, Li Chun, Chimboy tumanida Kim Bon, Kim Moisey, Qorao‘zak tumanida Kim Viktor kabi usta dehqonlar hududda sholi yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan turkman, qozoq, rus, ukrain, koreys milliy madaniy markazlari qoshidagi badiiy havaskorlik jamoalarining mustaqillik, tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Aminboy Ortiqboyev, O‘zA