Xostellarning mehmonxona xizmatini majburiy sertifikatsiyalash talabi bekor qilinadi

Oʻzbekiston respublikasi prezidentining “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida Qonunchilikka binoan mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qatʼi nazar koʻrsatilishi lozimligi belgilab qoʻyildi.
Shuningdek, xostellarni Mehmon uylari va xostellar reyestriga oʻrnatilgan tartibda kiritish talabini belgilagan holda xostellarning mehmonxona xizmatini majburiy sertifikatsiyalash talabi bekor qilinadi.
Endilikda, hududida turizm infratuzilmasi obyektlari, shu jumladan joylashtirish vositalari joylashgan yoki barpo etiladigan moddiy madaniy meros obyektlari oʻttiz yilga, biroq oʻn yildan kam boʻlmagan muddatga ijaraga beriladi. Bunda ijarachilar besh yillik ijara haqiga teng miqdorni oʻzlari joylashgan moddiy madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilishga yoʻnaltirish hamda moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash qoidalariga rioya qilish sharti bilan dastlabki besh yil uchun ijara haqi toʻlashdan ozod etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kichik tadbirkorlik subyektlariga turizm infratuzilmasi obyektlari, mehmonxonalar va sanitar-gigiyenik shoxobchalar barpo etish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilgan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim qiladi.

 

O’zA