Qaysi mamlakatlar fuqarolari Oʻzbekistonga vizasiz kela oladi?

Oʻzbekiston salmoqli turistik-rekreatsion salohiyatga ega. Yurtimizda 7, 4 ming madaniy meros obyektlari boʻlib, ulardan 209 tasi , shu jumladan 4 ta shahar muzeylar YUNЕSKOning umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. 2010-2017yillar mobaynida turistik xizmatlar eksporti ikki barobarga ortib, 2017 yilda 546,9 million AQSH dollarini tashkil etgan. 2018 yilda esa bu koʻrsatkich 1 041 mln dollarga yetdi. Shu yili respublikaga 5,3 million xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan.
2018 yilda Oʻzbekistonga keluvchi chet elliklar sonining ortishiga viza rejimining soddalashuvi katta ahamiyat kasb etdi. Endilikda bu imkoniyatlar soni yanada ortdi.
Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2025 yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga koʻra turizm sohasi rivojining asosiy bosqichlari belgilangan. Hujjatga binoan 2019-2020 yillarda turizm rivojini asoslarini belgilab beruvchi qonunchilik bazasi takomillashtiriladi, infratuzilma modernizatsiya qilinadi va Oʻzbekiston turistik brendi keng targʻib etiladi.
2021-2025 yillarda mamlakat iqtisodiyotida turizm sanoati hissasi oshiriladi. Bu yoʻnalishda YAIMda tarmoq hissasini 5 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. (2017 yilda bu koʻrsatkich 2,3 %ni tashkil etgan). Shuningdek, respublikaning turistik imkoniyatlarini oshirish va jahon bozoridagi taqdimotlarini koʻpaytirish evaziga 2025 yil yakunida 9 milliondan ortiq sayyohni Oʻzbekistonga jalb qilish nazarda tutilmoqda. Uzoq muddatli rejalarda esa, turistik xizmatlar borasida Oʻzbekistonning nafaqat milliy natijalar bilan cheklanishi, balki mintaqaviy va dunyoviy miqyosda raqobatbardosh bozor ishtirokchisi sifatida namoyon boʻlishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda 2019 yil 1 fevraldan elektron kirish vizasini oluvchi mamlakatlar roʻyxati kengaytiriladi. Asosiysi, 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilingan boʻlib, bular, Avstraliya, Avstriya, Argentina, Bosniya va Gersegovina, Vatikan, Lyuksemburg, Vengriya, Bruney-Dorussalom, Gretsiya, Irlandiya, Islandiya, Italiya, Kanada, Andorra, Lixtenshteyn,Monako, Belgiya,Daniya, Ispaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Latviya,Litva,Mongoliya, Yangi Zelandiya, Portugaliya, Bolgariya, Kipr Respublikasi, Malta, Polsha, San-Marino, Serbiya,Sloveniya, Xorvatiya, Chili, Ruminiya, Slovakiya, Buyuk Britaniya, Braziliya,Finlyandiya,Chernogoriya, Chexiya, Shveysariya,Estoniya kabi davlatlardir.
Shuningdek, 2019 yil 15 martdan 30 kun davomida amal qilinuvchi elektron vizalar turlari tizimi hamda alohida xorijiy fuqarolar guruhlariga qoʻshimcha vizalar toifasi joriy qilinadi.

 

N. Toshpoʻlatova, OʻzA