“Oʻzbekiston – 2035” II xalqaro forumi boʻlib oʻtadi

2019 yil 5-6 fevral kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasining uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan II xalqaro forum oʻtkaziladi.
Unda deputatlar, davlat organlari, ilmiy-taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.
“Oʻzbekiston – 2035” II xalqaro forumi Oʻzbekiston Respublikasini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasini ishlab chiqishda keyingi bosqich boʻlib xizmat qiladi. Forum doirasida konsepsiya loyihasiga doir takliflar keng muhokama qilinib, yakuniy hujjat mamlakat rahbariyati eʼtiboriga havola etiladi.
2018 yil 28-29 iyun kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan xalqaro forum doirasida hujjatni ishlab chiqish boʻyicha asosiy yondashuvlar muhokama qilindi. Loyiha ustida ishlash davrida turli vazirlik va idoralarda uchrashuvlar oʻtkazildi, dastlabki maʼlumotlar toʻplanib, ular asosida iqtisodiyotning joriy holati tahlil qilindi. Ekspertlarning taklif va mulohazalari asosida Rivojlanish strategiyasi konsepsiyasining dastlabki loyihasi tayyorlandi. Dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari uchun mazkur konsepsiya loyihasining ilk taqdimoti oʻtkazildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan. “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti 2018 yil 14 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtgan. Tashkilotning Ekspertlar kengashi 30 dan ortiq mamlakatda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan 240 nafar vatandoshimizni birlashtirgan tahliliy organdir.
Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi keng koʻlamli islohotlarga koʻmaklashish va ularning samaradorligini oshirish yoʻlida tahliliy oʻrganishlarni tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining asosiy maqsadi hisoblanadi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA