Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdilar.
Oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, 2018 yilda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishva amaliy hamkorlikni kengaytirish yakunlari sarhisob qilindi, koʻp qirrali sheriklikni mustahkamlashning istiqbolli yoʻnalishlari va aniq loyihalari koʻrib chiqildi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotda davlat rahbarlari Oʻzbekiston – Rossiya doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarib, uni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.
Barcha darajada jadal va izchil aloqalar yoʻlga qoʻyilgani, Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Hududlar va biznes darajasidagi muloqot faollashdi. Joriy yil kuzida Toshkent shahrida oʻzaro munosabatlar tarixida ilk bor hududlararo va taʼlim forumlari oʻtkazildi.
Oʻzaro savdo hajmi ortmoqda, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berishda “yashil yoʻlak” joriy etildi. Mamlakatimizda, jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat va boshqa koʻplab tarmoqlarda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Aprel oyida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga tushirildi, oktyabr oyida yana bir gʻoyat muhim loyiha – Oʻzbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga start berildi.
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida, jumladan, mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini ochish boʻyicha qoʻshma dasturlar amalga oshirilmoqda.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqotda 2018 yil qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash davri boʻlgani alohida taʼkidlandi.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonga samarali davlat tashrifi hamda avgust oyida Avaza shahrida boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammiti doirasidagi uchrashuvlarning amaliy natijalari ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy sheriklik rivojiga yangi surʼat bagʻishladi.
Toshkent va Ashxobodda milliy koʻrgazmalar va ishbilarmonlik tadbirlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani, Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilgani tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kengaytirishga xizmat qildi.
Davlat rahbarlari mintaqaning tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish muhimligini hamda faol hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni izchil davom ettirish tarafdori ekanini taʼkidladilar.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan muloqotda davlat rahbarlari Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilingan 2018 yilda ikki tomonlama munosabatlar yangi surʼat, sifat va mazmun kasb etganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Oʻzbekiston bilan Qozogʻistonning koʻp qirrali hamkorligini kengaytirishning taʼsirchan mexanizmiga aylangan Hukumatlararo qoʻshma komissiya doirasidagi uchrashuvlar muntazam oʻtkazilmoqda. Noyabr oyida birinchi Hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Oʻzaro savdo hajmi yuqori surʼat bilan ortmoqda, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, turizm, transport va logistika sohalarida kooperatsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashuvlar jadallik kasb etgani qayd etildi.
Bugungi kunda 2019 yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida koʻplab yirik tadbirlar oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon bilan suhbatda oliy darajadagi jadal muloqotlar, oʻtgan yil kuzida Anqaraga va joriy yil bahorida Toshkentga oʻzaro tarixiy tashriflar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtargani taʼkidlandi.
Siyosiy sohada konstruktiv hamkorlik rivojlanmoqda, parlamentlararo muloqot faollashdi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlik kengaymoqda. Eksport va import hajmi jadal ortmoqda. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida shahar, transport-logistika va turizm infratuzilmalarini modernizatsiya qilish, mamlakatimizda zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yakunda davlat rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, koʻp qirrali oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.
Prezidentlar yangi – 2019 yilda mamlakatlarimiz xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.