“Poytaxt” biznes markazida axborot xavfsizligining dolzarb masalalariga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi. Unda soha mutaxassislari, kompaniya va bank xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda soʻz olganlar mamlakat ravnaqida zamonaviy axborot texnologiyalarining muntazam taraqqiy etishi va uning barcha sohalarga keng joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etib, bu jarayonning barqarorligini taʼminlashda axborot xavfsizligi muammosiga doimiy eʼtibor qaratish davr talabi ekanini taʼkidladi.
Maʼlumki, dunyo miqyosida ushbu yoʻnalishdagi kiber-hujumlar sonining koʻpayishi nafaqat tegishli bank, kompaniya yoki davlatning moliyaviy ahvoliga, balki butunjahon integratsiyasiga salbiy taʼsir etadi. Tashkil etilgan tadbirda axborot xavfsizligini taʼminlashdagi yangiliklar, tajribalar hamda turli xavf-xatarlarga qarshi samarali usullaridan foydalanish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.
“ARK IT Security” loyihasi rahbari Aziz Qurbonovning maʼlum qilishicha, ushbu seminar mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan kompaniya, banklar va boshqa tashkilotlar axborot xavfsizligini taʼminlashda ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Yaponiyaning “Trend Micro” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan seminardan koʻzlangan maqsad ushbu kompaniyaning axborot resurslari, ilmiy bazasi va texnologik salohiyati bilan ishtirokchilarni tanishtirish barobarida, bugungi kunda axborot xavfsizligini taʼminlashda kompleks yondashuv chora-tadbirlarini koʻrish hamda bu borada bilim va tajribalarga ega boʻlishdir.
– 30 yillik faoliyati mobaynida “Trend Micro” kompaniyasi axborot resurslari, ilmiy bazasi va texnologik salohiyati bilan dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻldi, – dedi “Trend Micro” kompaniyasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy menejeri Nurbek Rahimov. – Kompaniya davlat, moliya, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi koʻplab sektorlarda faoliyat koʻrsatmoqda. Kompaniyamiz Oʻzbekiston bozorida ham faol ishtirok etishni boshladi. Joriy yilning oktyabr oyida “Trend Micro” kompaniyasi bilan INHA universiteti oʻrtasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish, innovatsion loyihalar tayyorlash hamda universitet talabalari uchun maʼruza va mahorat darslari oʻtkazishni koʻzda tutuvchi memorandum imzolangan boʻlib, ayni paytda bu borada hamkorligimiz mustahkamlanib bormoqda. Bugungi seminarda biz ishtirokchilarga axborot xavfsizligini taʼminlashni qanday tashkil etish, bu jarayondan himoyalash hamda eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha taʼlim va tavsiyalar berdik.
Yakunda mavzu doirasida fikr-mulohazalar bildirildi.