Toshkentda Google dasturchilari festivali boʻlib oʻtadi

Joriy yilning 24 noyabr kuni mamlakatimizda ilk bor “DevFest” – Google Developers Group (GDG) dasturchilar xalqaro festivali boʻlib oʻtadi.
Festival Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish va Xalq taʼlimi vazirliklari, BMT TDning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Toshkentdagi Inha universiteti tomonidan tashkil etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maʼlumotlariga koʻra, festival DevFest Google Developers Group tomonidan Google kompaniyasi koʻmagida butun dunyo boʻylab oʻtkaziladigan global tadbirdir. Joriy yilda tadbir doirasida Google kompaniyasining soʻnggi texnologiya va ishlanmalari namoyish etiladi. Xususan, ishtirokchilar mobil ilovalar yaratish masalalari, biznesda virtual, toʻldirilgan va aralash voqeliklar texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish istiqbollarini koʻrib chiqadi.
Shuning uchun tadbir nafaqat dasturchi va IT-mutaxassislari, balki zamonaviy texnologiyalarga befarq boʻlmagan barcha yosh avlod vakillari uchun ham qiziqarli boʻladi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA