Rossiyalik rejissyor va aktyor Vladimir Menshov 27 – 30 noyabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan PROlogue IV xalqaro kinofestivalining faxriy mehmonlari roʻyxatiga kiritildi. Xalqaro kinofestival direksiyasidan maʼlum qilinishicha, boshqa taklif etilgan yulduzlar qatorida Vladimir Menshov ham Oʻzbekistonning yosh kinematografistlari uchun mahorat-darslarini oʻtkazadi.
Teatr, kino va televideniye aktyori, kinorejissyor, ssenarist, prodyuser va teleboshlovchi rossiyalik Vladimir Valentinovich Menshov 1939 yilning 17 sentabr kuni Bakuda tugʻilgan. Menshov – Rossiyada xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi,Rossiya xalq artisti, “Moskva koʻz yoshlarga ishonmaydi” filmi uchun “Oskar” mukofotining “Xorijiy tildagi eng yaxshi film” nominatsiyasida laureat boʻlgan.
Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, toʻliq va qisqa metrajli, shuningdek milliy qisqa metrajli badiiy filmlar tanloviga 280 dan ortiq ish kelib tushgan. Shvetsiya, Fransiya, Isroil, Eron, Ukraina, AQSH, Peru, Qozogʻiston va boshqa 60 dan ortiq davlatlarning kino sohasi vakillari PROlogue kinofestivalida ishtirok etish istagini bildirgan.
OʻzA