Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida yosh rejissyorlarning “DЕBYUT-2018” respublika koʻrik-festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida yangi bosqich yasab, iqtidorli ijodkorlarni aniqlash, ularni qoʻllab-quvvatlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi badiiy barkamol sahna asarlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Madaniyat vazirligi hamda Teatr arboblari uyushmasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur festivalda poytaxtimiz va respublikamizning barcha hududlaridan kelgan debyutant rejissyorlar tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar namoyish etiladi.
Festival Mullatoʻychi Toshmuhammedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrining Chingiz Aytmatov asari asosida sahnalashtirilgan “Oq kema” spektakli namoyishi bilan boshlandi.