Xalqning oʻzligini anglashda asrlar davomida sinov va tajribadan oʻtgan qadriyatlari, bobolardan qolgan oʻlmas yozma meros hamda avloddan avlodga, otadan oʻgʻilga, ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelayotgan folklor asarlari poydevor vazifasini oʻtaydi. Shu bois oʻzbek xalqining mingyilliklar bilan boʻylashadigan teran ildizlari oziqlangan bebaho qadriyatlarining borligi, ayniqsa, ular ichida xalq ogʻzaki ijodining baxshichilik va dostonchilik singari tengsiz sanʼatning mavjudligi millat maʼnaviyatining oʻq tomiri, bitmas-tuganmas noyob manbaidir.
Bu noyob sanʼat kishilikka olam va odamga bogʻliq hodisalar mohiyatini anglash, yurtga sadoqat, elsevarlik tuygʻularini shakllantirish, insonning hayotda yashashdan maqsadi, mehru oqibat, odamiylik mohiyati haqida jiddiy oʻylash imkoniyatini beradi.
Ona sayyoramizda kechayotgan bugungi globallashuv bilan bogʻliq jarayonlar baxshichilik va dostonchilik sanʼatining millat maʼnaviy qiyofasini saqlashdagi oʻrni va qadri ortib borayotganidan dalolat bermoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayotida muhim voqelik boʻldi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori bilan har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oʻtkazilishi hamda ushbu festival Alpomishu Barchinoylar yurti – Termiz shahrida oʻtishi belgilab qoʻyildi. Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalining birinchisi 2019 yil koʻklamining butun tarovati barq urib turgan 5-10 aprel kunlari boʻlib oʻtadi. Festivalga chet ellik taniqli folklorshunoslar, baxshiyu shoirlar, oqinu jirovlar, ijodiy jamoalar, ommaviy axborot vositalari vakillari va faxriy mehmonlarni chorlash koʻzda tutilgan. Bu esa festival nufuzining oshishiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda folklor festivali oʻtkazilishiga qaratilgan ushbu muhim qaror kelajakda quyidagi vazifalarni ham hal etishga yordam beradi.
Jumladan, mingyilliklar qaʼridan otilib chiqqan hikmatlar bilan yoʻgʻrilgan xalq dostonlarining har bir bayti, misrasi qadim bobolarimizning axloqiy va ruhiy tarbiyasida qanchalik ulkan ahamiyat kasb etgan boʻlsa, bugun ham zamondoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tarbiyasi uchun shunchalik kamarbasta boʻladi. Folklor durdonalari – doston va eposlarda mujassam boʻlgan Vatanga muhabbat, elu yurt himoyasi, yorga sadoqat, xalqlar doʻstligi, bagʻrikenglik, ilmu urfonga intilish, soʻzga chechanlik singari gʻoyalar farzandlarimiz koʻngliga singib boradi.
Keyingi yillarda eʼtibordan bir oz chetda qolgan baxshichilik sanʼati qayta tiklanishiga, baxshichilik maktablaridagi ustoz va shogirdlik anʼanasi davom etishiga zamin hozirlaydi. Bu esa oʻzbek milliy baxshichilik va dostonchilik sanʼatining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish hamda keyingi avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi namunalarini ilmiy tatbiq qilish, yangi nashrlarini chop etish, xalqimizning ezgu orzu-umidlari kuylangan doston va eposlardagi qahramonlar timsoli aks etgan filmlar yaratilishiga keng yoʻl ochiladi. Shu bilan birga, yurtimizga sayyohlar oqimi ortishiga, demakki, turizmning rivojlanishiga yoʻl ochiladi.
Umuman, yurtimizda kechayotgan tub oʻzgarishlar, maʼnaviy-mafkuraviy tiklanishlar davrida ushbu muhim hujjatning qabul qilinishi xalqimiz, ilmiy jamoatchilik, madaniyat sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar koʻnglidagi ish boʻldi. Kelgusida bu qaror qabul qilingan sana “Oʻzbek milliy baxshichilik sanʼati” kuni sifatida tarix sahifalaridan joy olishini cheksiz gʻurur va ishonch bilan ayta olamiz.
Qudratulla Omonov,
Toshkent davlat sharqshunoslik
instituti oʻqituvchisi,
filologiya fanlari doktori.
OʻzA