Xalqaro maqomdagi kinofestival – uzoq yillardan buyon bunaqasi boʻlmagan edi

Joriy yilning 27-30 noyabr kunlari Toshkentda “PROlogue” xalqaro kinofestivali oʻtkaziladi. Shu munosabat bilan Yoshlar ittifoqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari, kinofestival tashkiliy qoʻmitasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda kinofestivalni tashkil etish va yuqori saviyada oʻtkazish masalalari muhokama etildi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur xalqaro kinofestival Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi va joriy yil 24-iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qarorlariga muvofiq tashkil etilmoqda.

Ilk bor xalqaro maqomda oʻtkazilayotgan mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Toshkent shahar hokimligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, Yosh kinoijodkorlar kengashi, Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi va boshqa qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

– Uzoq yillardan buyon kino sohasida mamlakatimizda bunday nufuzli xalqaro festival oʻtkazilmagan edi, – deydi “Oʻzbekkino” milliy agentligi bosh direktori, kinofestival tashkiliy qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Furqat Zokirov. – Ilk bor amalga oshirilayotgan mazkur loyihadan juda katta natijalar kutilmoqda. Festivalda ishtirok etish istagini bildirgan mamlakatlar soni 40 dan oshib ketdi. 60 dan ortiq mamlakatdan esa festivalda ishtirok etish uchun filmlar yuborildi. Hozirda mazkur filmlarni saralash ishlari qizgʻin kechmoqda. Kichik bir sirni aytib oʻtaman: filmlar orasida tarbiyaviy ahamiyatga ega, shaklan va mazmunan yuksak kinoasarlar koʻp. Ularni nafaqat festival doirasida, balki, festivaldagi namoyishlardan soʻng zudlik bilan ketma-ketlikda telekanallarimiz orqali uzatishni rejalashtiryapmiz.

Shuningdek, yigʻilishda berilgan topshiriqlarga asoslanib aytish mumkinki, Oliy taʼlim muassasalarida ham mazkur tarbiyaviy ahamiyatga ega qisqa metrajli badiiy filmlar namoyishlari oʻtkaziladi. Festival yakunlangach esa, eng sara kinoasarlar ijodkorlari, festival ishtirokchilarining hududlarga safari uyushtiriladi. Demak, “PROlogue” xalqaro kinofestivali koʻp oʻtmay yurtimizning barcha hududlari – shahar va qishloqlarida aks-sado beradi. Yurtimizning olis manzillarida yashayotgan sanʼatsevar xalqimiz oʻzlarining sevimli aktyor-aktrisalari, rejissyorlari bilan uchrashish va muloqot qilish baxtiga muyassar boʻladi.

Tez kunlarda telekanallarimiz va internet tarmoqlari orqali kinofestival uchun tayyorlangan maxsus rolik taqdim etiladi. Yana bir maʼlumot, kinofestival jarayonlarini tezkor va xolis yoritib borish maqsadida matbuot markazi tashkil etiladi hamda kinofestival arafasida brifing oʻtkaziladi. Unda mutaxassislarning loyihaga doir maʼlumotlari jonli tarzda uzatiladi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA