“UzEnergyExpo – 2018” va “UzStroyExpo – 2018”: energetika va qurilish sanoati rivojida muhim qadam

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “UzEnergyExpo – 2018 – Energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari. Energosamaradorlik va energiyani tejash, elektrotexnika, yoritish” oʻn uchinchi va “UzStroyExpo – 2018 – Qurilish va pardozlash materiallari, isitish va ventilyatsiya tizimlari, suv taʼminoti, suvni tozalash, santexnika” sakkizinchi xalqaro koʻrgazmalar oʻz ishini boshladi.

“International Expo Group” masʼuliyati cheklangan jamiyati koʻrgazmalar kompaniyasi tomonidan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirliklari, “Oʻzbekenergo”, “Oʻzbekgidroenergo”, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatlari hamkorligida tashkil etilgan mazkur koʻrgazmalarda 14 mamlakatdan 170 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etmoqda.

Mamlakatimiz elektr energetikasida resurs tejovchi bugʻ-gaz uskunalari va quyosh energiyasidan foydalanishning zamonaviy sinalgan texnologiyalarini keng miqyosda joriy etish asosida mavjud quvvatlarni bosqichma-bosqich modernizatsiyalash, yangilarini barpo etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

29.JPG

12.JPG
Anʼanaviy tashkil etilayotgan “UzEnergyExpo” koʻrgazmasi bu kabi ishlar amaliyotida muhim ahamiyat kasb etib, unda transformatorlar va taqsimlash uskunalari, nazorat-oʻlchov jihozlari, releli himoya va avtomatika uskunalari, elektrotexnik va elektrik jihozlar, kabel-oʻtkazgich mahsulotlari namoyishga keng oʻrin berilgan. Koʻrgazma pavilonlarida Ozarbayjon, Belarus, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Qozogʻiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirgʻiziston, Rossiya, Turkiya kabi davlatlar qatorida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika mahsulotlari sifati va dizayni bilan ajralib turadi.

Unda mamlakatimizdagi “Щit energiya” masʼuliyati cheklangan jamiyati yuqori va past voltli jihozlarni ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy ishlanmalarni taqdim etmoqda.

– 2013-yildan faoliyat koʻrsatayotgan korxonamiz elektr jihozlarini ishlab chiqarmoqda, – dedi mazkur jamiyat direktori Xurshid Matmuradov. – Mahsulotlarimiz eksportga yoʻnaltirilgan boʻlsa-da, hozirgi kunda ularni ichki bozordan orttirib, chetga chiqarishga ulgura olmayapmiz. Chunki oʻzimizda ham temir щitlar, temir shkaflar, qurilmalar, koʻp qavatli uylarga moʻljallangan щitlarga ehtiyoj kundan-kunga ortmoqda. Masalan, biz Sergeli, Olmazor tumanlarida qurilgan koʻp qavatli uylar uchun elektr jihozlarini toʻliq taʼminlab berdik. 50 nafardan ortiq ishchimiz ikki smenada mehnat qilib, bugungi zamon talabiga mos mahsulotlar ishlab chiqarishga eʼtibor qaratmoqda. Bugungi koʻrgazma jamoamiz uchun tajriba almashish va yangiliklarni oʻzlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

35.JPG

38.JPG
Taʼkidlash kerakki, energiyaning qayta tiklanuvchi va alternativ manbalariga oʻtish kelajak avlodlar uchun tabiiy resurslarni asrash va ekologiyani yaxshilashda muhim omillardan. Mamlakatimizdagi “All solar” xususiy korxonasi, “Modern power systems” va “Solar nature” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari taqdim etayotgan quyosh suv isitgichlari, shamol elektrostansiyalari, mini gidroelektrostansiyalari, quyosh kollektorlari, quyosh koʻcha yoritqichlarini ishlab chiqarish boʻyicha erishgan yutuqlari va izlanishlari eʼtiborga loyiq.

– Kompaniyamiz ushbu koʻrgazmada birinchi bor qatnashmoqda, – dedi “Ankasim” kompaniyasi vakili Mehmet Boyasi. – Bu yerda mahalliy va xorijlik kompaniya vakillarining oʻzaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashda katta maydon yaratilgan. Biz bundan juda mamnunmiz. Maqsadimiz yurtingizda kompaniyamiz tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektrotexnikalar, jumladan, transformatorlar, shkaflar, щitlarni namoyish qilib, oʻzbek bozorida oʻz oʻrnimizni egallashdir.

Mamlakatimizda qurilish sanoatini rivojlantirish, bu borada xorijiy tajribalarni oʻrganish, qurilish materiallarini ishlab chiqarishda mahalliy xomashyolardan keng koʻlamda foydalanish ham ayni kun uchun muhim masaladir. Shu maʼnoda tashkil etilgan “UzStroyExpo” xalqaro koʻrgazmasi soha ravnaqida alohida ahamiyat kasb etadi. Unda tijorat va turar joy koʻchmas mulk obyektlarini loyihalash, qurish, taʼmirlash va jihozlash, qurilish, pardozlash, fasad materiallari va jihozlariga ixtisoslashgan kompaniyalar faol ishtirok etishmoqda. Bular orasida “Asian business-union” masʼuliyati cheklangan jamiyati (Oʻzbekiston), “Caspian service construction” (Rossiya/Oʻzbekiston), “Contec fiber ag” (Shveysariya), “Alina group” (Qozogʻiston) kabi kompaniya va korxonalar bor.

42.JPG

43.JPG
– 2009-yildan boshlab oʻz faoliyatini boshlagan Sirdaryo viloyatidagi ushbu “Peng Sheng” Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasi qurilish mahsulotlari ishlab chiqaradi, – dedi qoʻshma korxona menejeri Behzod Hotamboyev. – Turli hajmdagi kafellar, vannalar, sanuzel jihozlari kabi mahsulotlar shular jumlasidan. Bu yilgi koʻrgazmada ishlab chiqarilgan mahsulotlarimiz qatorida birinchi bor 60X60 hajmdagi kafellarni taqdim qildik. Bu turdagi kafellar faqat mahalliy xomayoshdan ishlab chiqarilgani bilan mahalliy va xorijlik koʻrgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotadi, deb oʻylaymiz.

Joriy yilning 2-noyabrigacha davom etadigan mazkur koʻrgazmalar doirasida kompaniyalar taqdimoti va seminarlar tashkil etiladi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, Aʼlo Abdullayev (surat), OʻzA