Soʻnggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada toʻplanib qolgan koʻplab muammolar yechimini topish, ularni bartaraf etishda davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy etish orqali ijobiy natijalarga erishilmoqda. Buni biz bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat olib borayotgan ijtimoiy soha tashkilotlari, ayniqsa, chekka hududlarda ham ixcham barcha qulayliklarga ega bolalar bogʻchalari, maktablar tashkil qilinib samarali faoliyat olib borayotganida ham koʻrishimiz mumkin.
Hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil qilingan muassasalardagi xarajatlarning maʼlum bir qismi byudjetdan subsidiyalar ajratish orqali qoplanishi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega muassasalar tashkil qilish evaziga ham foyda olish imkoniyatini kengaytirib, joylardagi ijtimoiy muammolar yechilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz tomonidan kuni kecha qabul qilingan “Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishning huquqiy va institutsional bazasini yaratish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu sohada hali yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish, davlat va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sheriklik asosida faoliyat olib borayotgan tashkilotlarning oʻzaro aloqalarini muvofiqlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, bu agentlikka ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan vazifalarni oʻzaro manfaatli sharoitlarda tezkorlik bilan hal etish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik tizimini samarali boshqarish va muvofiqlashtirish, davlat va biznes oʻrtasidagi samarali hamkorlikni taʼminlash vazifasi yuklanmoqda.
Xususan Agentlik davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boʻyicha tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etishi, davlat-xususiy sheriklik loyihalarining samaradorligi va afzalliklarini baholash uslubini ishlab chiqishi, bu sohadagi loyihalarni amalga oshirishda idoralararo muvofiqlashtirishni taʼminlashi, loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarga koʻmaklashishi belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, sheriklik loyihalari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama koʻmaklashishi, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, shu jumladan, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklarni aniqlash va taqsimlash yuzasidan ularning takliflarini koʻrib chiqishi, loyihalarga jalb qilingan byudjet tizimi mablagʻlaridan foydalanilishini, loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish amaliyotini monitoring qilib borish vazifasi yuklanmoqda.
Bundan tashqari, Agentlik davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalarida investorlar, xalqaro moliya va donor tashkilotlari, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, shuningdek, bozorning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni ham tashkil qiladi.
Agentlik davlat muassasasi boʻlib, davlat-xususiy sheriklik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha maxsus vakolatli organ hisoblanadi, bundan keyin sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, tanlov hujjatlari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar loyihalari va ularga kiritiladigan oʻzgartirishlar majburiy tartibda Agentlik bilan kelishilishi lozimligi belgilanmoqda.
Bu sohadagi qonunchilikni yanada rivojlantirish, huquqiy asoslarini taʼminlash maqsadida “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va taʼminlash boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida xalqaro moliya institutlari, donor-davlatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni oʻrnatishni oʻz ichiga olgan Dastur ishlab chiqilishi ham belgilanmoqda.
Xulosa oʻrnida shuni qayd etish lozimki, Agentlik tashkil qilinishi, avvalo, mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik sohasi vakillari faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi, iqtisodiyot tarmoqlari, shuningdek, ijtimoiy sohada toʻplanib qolgan muammolarni davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy qilish orqali bartaraf etadi. Bu sohani rivojlantirishga xorijiy va mahalliy investorlar mablagʻlarini keng jalb qilishga koʻmaklashadi.
Abdigʻani Umirov,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati.
OʻzA