Dunyoning ishlari

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludiga bagʻishlab oʻtkazilgan fotokoʻrgazma va xotira kechasi ana shunday nomlandi.

Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi hamkorligida Yozuvchilar uyushmasida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning hayoti va ijodi haqida soʻz bordi. Uning milliy adabiyotimiz va maʼnaviyatimizga qoʻshgan boy adabiy merosi eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo mamlakatimizda xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning maʼnaviyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, Prezidentimizning joriy yil 5 apreldagi “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori milliy adabiyotimiz rivojini yangi bosqichga koʻtarishda ulkan islohotlarni boshlab berganini taʼkidladi.

– Ijod ahli uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan oqilona foydalanish, Oʻtkir Hoshimovdek isteʼdod va salohiyatini Vatan ravnaqi yoʻlida safarbar etish har bir ijodkorning burchidir, – deydi adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻofurov. – Yozuvchi bir suhbatida: “Mening eʼtiqod darajasiga aylangan shiorim bor. Xudo koʻngliga solmaguncha, yozuvchi qoʻliga qalam olmaydi. Isteʼdodning birinchi talabi ham shu boʻlsa ehtimol. Ijod shunchaki, qogʻoz qoralash emas. Aks holda savodi bor har qanday odam adib yoki shoir boʻlib ketaverardi. Chinakam badiiy asar yozilmaydi, katta hayajon, ichki ehtiyoj bilan tugʻiladi“, degan edi. U oʻzining ana shunday eʼtiqodiga sodiq ijod qildi. Xalqimizning maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan yetuk asarlar yaratib, ular qalbidan chuqur joy oldi.

Oʻtkir Hoshimov 1941 yili Toshkent viloyatining Zangiota (hozirda poytaxtimizning Chilonzor tumani) tumanidagi Doʻmbirobod mavzesida tugʻilgan. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida oʻqish bilan birga, respublika gazetalarida xat tashuvchi, musahhih, tarjimon, adabiy xodim, boʻlim mudiri lavozimlarida samarali ishladi. Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari sifatida noshirlik sohasida ham jonbozlik koʻrsatdi. 1985-1995 yillarda “Sharq yulduzi“ jurnaliga bosh muharrirlik qildi. 1995 yildan 2005 yilgacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati boʻldi. “Teatr“ jurnali bosh muharriri sifatida maʼnaviyatimiz yuksalishiga munosib hissa qoʻshdi.

Yozuvchining “Poʻlat chavandoz“, “Gunafsha“, “Odamlar nima derkin…“, “Bir tomchi shudring“, “Bahor qaytmaydi“, “Qalbingga quloq sol“, “Uzun kechalar“, “Nimadir boʻldi“, “Yer farzandimiz“, “Nur borki, soya bor“, “Quyosh tarozisi“, “Dunyoning ishlari“, “Yalpiz somsa“, “Oq kamalak“, “Sirli yulduz“, “Ikki eshik orasi“, “Xazina“, “Iztirob“, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar“ singari kitoblari nashr qilingan. Koʻplab jahon adabiyoti durdonalarini ona tilimizga tarjima qilgan. “Xazon boʻlgan bahor“, “Toʻylar muborak“, “Baland dorga osilma“, “Qatagʻon“ kabi sahna asarlari yaratilgan.

Tadbirda adabiyotshunoslarning taʼkidlashicha, ijodkorning “Muhabbat“, “Dehqonning bir kuni“, “Urushning soʻnggi qurboni“, “Oʻzbek ishi“ kabi novellalari oʻzbek hikoyachiligida muhim hodisa boʻldi. “Ikki eshik orasi“, “Tushda kechgan umrlar“ romanlarida zamondosh – asrdosh odamlar taqdiri, yigirmanchi asrning eng keskin fojiaviy hodisalari – Ikkinchi jahon urushi hamda mustabid tuzumning jinoyatkorona siyosati aks ettirilgan.

Oʻtkir Hoshimovning “Xazon boʻlgan bahor“, “Inson sadoqati“, “Vijdon dorisi“ singari bir qancha asarlari ekranlashtirilgan. Uning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar“ kitobi ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizda muayyan iz qoldirgani maʼlum. Yozuvchi asarlari jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan.

Adib 2013-yil 24-may kuni 72 yoshida vafot etdi.

Yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, isteʼdodli yoshlar hamda adibning oila-aʼzolari ishtirok etgan tadbirda ijodkor shaʼniga iliq fikrlar bildirildi.

Oʻtkir Hoshimov kitoblari hamda hayoti va ijodiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma tadbir ishtirokchilariga manzur boʻldi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA