Parijda “Shashmaqom” kechasi

Fransiyada “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati kunlari” doirasida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, sanʼat kechalari oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Yulduz Turdiyevaning Parijdagi “De la Ville“ teatrida tashkil etilgan konsert dasturi yurtimiz milliy sanʼati jozibasini namoyish etgani bilan sanʼat ixlosmandlariga manzur boʻldi.

Konsert “De la Ville“ teatri prodyuseri, musiqashunos Soudabeh Kiya tomonidan tashkil etildi. U mamlakatimizda oʻtkazilgan “Sharq taronalari“ xalqaro musiqa festivallarida hakamlar hayʼati aʼzosi boʻlgan, maqom sanʼati boʻyicha tajribali mutaxassis hisoblanadi.

Konsertga ushbu mamlakatning madaniy, akademik doiralari, jamoatchilik vakillari taklif etildi. “Dugoh“, “Sarahbori oromijon“, “Munojot“ kabi maqom sanʼati durdonalari, mavrigilar hamda xalq ashulalaridan tuzilgan bir yarim soatlik konsert dasturi parijliklar eʼtirofiga sazovor boʻldi.

– Fransuzlar sanʼatga oshufta xalq. Shahar ahli milliy ohanglarimizni zavqqa toʻla olqishlar bilan kutib oldi, – deydi Yulduz Turdiyeva. – Konsertga kelgan sanʼat muxlislari Buyuk ipak yoʻlining nafasi va jozibasi sifatida “Shashmaqom”ni jon dilidan tingladi.

Musiqa xalqlarni birlashtiradi, haqiqiy sanʼat makon va sarhad tanlamaydi. Bunga Parijda oʻzbek mumtoz kuy-qoʻshiqlari yangragan ushbu maqom kechasi misolida yana bir bor amin boʻlish mumkin.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA