Xalqaro televizion festivali boshlandi

Toshkentda “TEFI Hamdoʻstlik” xalqaro televizion festivali boshlandi.

“TEFI Hamdoʻstlik” oʻz nufuzi bilan televideniye sohasiga bagʻishlangan boshqa xalqaro festivallardan qolishmaydi. 2011 yilda asos solingan ushbu forum “Rossiya televideniye akademiyasi“ jamgʻarmasi tomonidan MDH va yaqin xorijdagi televideniye ijodkorlari oʻrtasida anʼanaviy oʻtkazib kelinmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi Hamdoʻstlik mamlakatlarida yagona axborot makonini shakllantirishga koʻmaklashishdir. Festivalga har yili MDH mamlakatlaridan biri mezbonlik qiladi. “TEFI Hamdoʻstlik” doirasida ekspertlar kengashi tuzilib, tajribali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari, zamonaviy televideniyening dolzarb muammolariga bagʻishlangan munozaralar, ijodiy ishlar muhokamalari, ochiq suhbatlar oʻtkaziladi. Yakunda gʻoliblar ragʻbatlantiriladi.

Toshkentda oʻz ishini boshlagan bu galgi festivalda MDH mamlakatlaridan vakillar, xususan, Rossiya televideniyesi ustalari – “Moya planeta” telekanali bosh muharriri Nikolay Tabashnikov, “NTV“ telekanali boshlovchisi Sergey Mayorov, rejissyorlar Dmitriy Astraxan, Oleg Shommer, prodyuserlar Mixail Kojuxov, Aleksandr Oleynikovlar qatnashmoqda.

photo5312295794470136282.jpg

– “TEFI Hamdoʻstlik – 2018” festivaliga Toshkent mezbonlik qilayotganidan juda mamnunman, – deydi Oleg Shommer. – Bu shaharga kelishni koʻpdan buyon orzu qilar edim. Shahringiz juda goʻzal, uning sharqona latofati, milliy anʼanalar va zamonaviylik uygʻunlashib ketgan qiyofasi meni maftun qildi.

Suhbatimiz davomida u oldingi festivallarda ekspert kengashi aʼzosi sifatida, bu gal esa Rossiya va Ozarbayjon qoʻshma loyihasi asosida tayyorlangan “Deraza ortidagi nur” filmi bilan qatnashayotgani, oʻzbek kino sanʼatining durdona namunalari bilan ham yaxshi tanish ekanini soʻzlab berdi.

Festivalning oʻtgan yillardagi bosh mavzulari axborot teledasturlari, bolalar televideniyesi, musiqiy va koʻngilochar dasturlarga bagʻishlangan edi. Bu galgi anjuman mavzusi “Vatan obrazi: vaqt, makon, taqdir” deb nomlandi. Yaʼni, bu gal yoʻnalish tanlashda MDH xalqlarining milliy oʻziga xosligi, ishtirokchilarning qiziqishlari inobatga olingan.

– Forumda MDH mamlakatlari va yaqin xorij telekompaniyalari 10 dan ziyod ijodiy ishlar bilan ishtirok etmoqda, – deydi “Rossiya televideniye akademiyasi“ jamgʻarmasi matbuot kotibi Aleksandra Revuan. – Bu koʻrsatkichni oʻtgan yillar bilan solishtirganda, taqdim etilgan televizion materiallar salmogʻi oshganini koʻrish mumkin. Festival ekspertlar kengashiga Rossiya televideniyesining professional ijodkorlari jalb etilgan.

Xalqaro televizion anjumanga Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent” telekanali suratga olgan “Jannatmakon Oʻzbekiston” filmi (“Bagʻrikeng Oʻzbekiston” turkumidan) taqdim etilgan. Oʻtgan yili Minsk shahrida oʻtgan tadbirda yurtimiz telejurnalistlarining “Chorak asr shiddati: Surxondaryo” hujjatli filmi yuksak baholangan edi.

Soha yangiliklari, televideniye ijodkorlari uchun tajriba va mahorat maydoni boʻlishdan tashqari, MDH mamlakatlari oʻrtasida doʻstona munosabatlar yaxshilanishiga hissa qoʻshayotgan “TEFI Hamdoʻstlik – 2018 ” 6 oktyabrda oʻz ishini yakunlaydi.

 

Malohat Husanova, OʻzA