Avval xabar qilinganidek, ayni kunlarda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda mamlakatimizda mavjud moddiy madaniy meros obyektlarini toʻliq inventarizatsiya qilish, ularni muhofaza etish va foydalanish holatini oʻrganmoqda.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida ham partiya faollari, deputatlari Samarqand darvozasi hududida joylashgan Xoʻja Alambardor maqbarasi va maqbara yaqinida joylashgan chillaxona obyektlari oʻrganilganda taʼmirga muhtoj ekanligi aniqlandi.
Ushbu meʼmoriy yodgorlik manbalarda XIX asrga oidligi qayd etilgan. Mahalliy rivoyatga koʻra, maqbara Qaffol Shoshiyning safdoshi, alambardor (bayroqdor) nomi bilan mashhur boʻlgan X asrda Toshkentda islom dinini tarqatishga xizmat qilgan Xoʻja Abdulaziz Alambardor sharafiga qurilgan. Uning yer osti chillaxonasi hozirgacha saqlangan.
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Xoʻja Alambardor aslida Sayramda dafn etilgan (Xoʻja Alambardor maqbarasidagi qabr ramziydir). Maqbara binosi bir necha bor qayta qurilgan. Rivoyatlarga koʻra, maqbara ichida Alambardor tomonidan keltirilgan, “Alloh” va “Muhammad” soʻzlari bitilgan tugʻ hali ham saqlanadi.
Shuningdek, Kamolon qabristoni tarixi IV-V asrga borib taqaladi. Aholi turar joyi bilan qoʻshilib ketgan qabristonga kirib-chiqishni tartibga solish yuzasidan takliflar berildi.
Oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha berilgan tavsiyalar asosida ishlangan loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi.
B.Meliqulova, OʻzA