Joriy yilning 19 sentyabrdan 28 sentyabrga qadar nufuzli Luvr Muzeyi mutaxassislari Oʻzbekistonda boʻldi. Delegatsiyaga Islom sanʼati departamenti direktori – Yanik Lins boshchilik qildi.
Tashrifdan asosiy maqsad – Oʻzbekiston mutaxassislari bilan hamkorlikda kuzatuv olib borish, 2021 yilda Luvrda boʻlib oʻtadigan “Ipak yoʻlidagi sivilizatsiya va madaniyatlar” koʻrgazmasi uchun Oʻzbekiston muzeylaridan tanlangan eksponatlar buyicha mutaxassislar fikrini oʻrganish.
Eslatib oʻtamiz, bu fransuz delegatsiyasining mazkur koʻrgazma boʻyicha ikkinchi tashrifi boʻlib, birinchi tashrif shu yilning may oyida boʻlib oʻtgan edi.
Tashrif davomida mutaxassislar Oʻzbekiston Davlat tarixi muzeyi, Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi, Abu Rayhon al-Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Samarqand tarixi muzeyi, Buxoro davlat meʼmoriy-sanʼat muzeyi-qoʻriqxonasi, “Muyi Muborak” madrasasi kabi yana bir qancha joylarga tashrif buyurdi.
– Oʻzbekiston madaniy merosining Luvr Muzeyida boʻlib oʻtadigan koʻrgazmasi – bu bizning yurtimizning boy merosini dunyoga namoyon qilish uchun noyob imkon, – deydi Sanʼat va madaniyat Fondining direktori oʻrinbosari Gayane Umerova. – Fondning ishi ushbu koʻrgazmani tashkil etish bilan chegaralanib qolmaydi. Biz Luvr bilan birgalikda Oʻzbekistonda muzey eksponatlarining konservatsiyasi va restavratsiya buyicha mobil laboratoriya yaratish, shuningdek, “Ekol de Luvr” maktabi bilan birgalikda muzey mutaxassislari va sanʼatshunoslari malakasini oshirish buyicha bir nechta maʼruza va amaliy seminarlar tashkillashtirish ustida ishlamoqdamiz.
Inobat Ahatova, OʻzA