Hindistonga safar davomida nodir manbalar nusxasi olindi

Mustaqillik sharofati bilan xalqimizning boy madaniy merosi, betakror arxeologik va tarixiy yodgorliklari, milliy qadriyatlarimiz, ayniqsa, jahon ilm-fani taraqqiyotiga, insoniyat tafakkurining yuksalishiga munosib hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz faoliyatini oʻrganishga katta eʼtibor qaratildi.
Qariyb 25 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan ham bu borada eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Andijonda Bogʻi Bobur majmuasi hamda Bobur Mirzoning ramziy maqbarasi barpo etildi. “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi tashkil etildi. Bundan tashqari, Bobur va boburiylar hayoti va ijodini oʻrganish, keng targʻib etish boʻyicha yurtimizda, qator xorijiy davlatlarda koʻplab tadbirlar, xalqaro anjumanlar oʻtkazildi, yangi-yangi kitoblar nashr etildi, oʻnga yaqin hujjatli film yaratildi. Bobur xalqaro mukofoti, “Bobur va dunyo” jurnali taʼsis etildi.
Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi Bobur izidan 40 dan ziyod mamlakat boʻylab ilmiy safarlar uyushtirdi. Natijada koʻplab yangi manbalar topilib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidan joy oldi. Ayni paytda muzeyda 500 dan ziyod noyob qoʻlyozma asarlar, nodir kitoblar, qimmatli manbalar saqlanmoqda. Jumladan, “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi, Bobur Mirzo kashf etgan alifbo – “Xatti Boburiy”da koʻchirilgan Qurʼoni karim nusxasi, “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan koʻchirma hamda “Boburnoma” ning turli tillarga tarjima qilingan 20 dan ortiq nusxasi saqlanmoqda.
Keyingi yillarda fond koʻmagida “Boburnoma” uch marta qayta nashr qilindi. Ushbu asarning krill va lotin alifbolardagi tabdili, shuningdek, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asari fors tilidan tarjima qilinib chop etildi.
Boburshoh va Humoyun Mirzoning hayoti va faoliyati bayon etilgan Xondamirning “Habib us-siyar” asari, shuningdek, turli tillarda yaratilgan “Gulbadan”, “Andijon shahzodasi”, “Bobur – yoʻlbars”, “XVI asr bunyodkori” nomli kitoblar oʻzbek tiliga tarjima qilinib kitobxonlarga taqdim etildi.
“Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya“ nomli yirik kitob, “Zahiriddin Muhammad Bobur xazinalari” ruknida “ Mubayyan va nasriy bayoni”, “Risolai Volidiyya” nazmiy tarjimasi va sharhi” asarlarining chop etilgani, ayniqsa, “Bobur ensiklopediyasi”ning yaratilgani oʻzbek boburshunoslarining katta yutuqlaridan boʻldi.
Yuqoridagi kitoblar shubhasiz, yurtimiz tarixi, ulugʻ allomalarimiz, xususan, Z.M.Bobur hayoti, ijodi, ilmiy merosini oʻrganish, tadqiq etishda muhim manba boʻladi.
Fondimiz tashabbusi bilan Bobur va boburiylar, qolaversa, zaminimizda tugʻilib, taqdir taqozosi bilan dunyoning turli joylarida umrguzaronlik qilgan buyuk ajdodlarimiz yaratgan bebaho va noyob asarlar namunalari Vatanimizga qaytarilib, ilmiy isteʼmolga kiritilganligi eng avvalo, koʻhna tariximizni yanada chuqur oʻrganishga xizmat qiladi, qolaversa, yosh avlod qalbida ulugʻ ajdodlarimizdan faxrlanish, iftixor tuygʻularini mustahkamlaydi.
Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan hozirda Afgʻoniston, Hindiston, Turkiya, Iroq, Eron davlatlarida boʻlgan Abu Ali ibn Sino, Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Lutfiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab singari ulugʻ zotlar mangu qoʻnim topgan maskanlar ziyorat qilindi. Xususan, Afgʻonistonning DashtiDehikanor qishlogʻidagi yoʻqolib ketish arafasiga kelib qolgan mavlono Lutfiyning maqbarasi qayta tiklandi. Hirot shahrining Musallo maydonidagi Alisher Navoiyning qabr-maqbarasi xalqimizning milliy meʼmorchiligi uslubida yangidan bunyod etildi, uning atrofida bogʻ yaratildi, Kamoliddin Behzodning qabr-maqbarasi taʼmirlanib, obodonlashtirildi.
Fondimiz kelgusida Abu Rayhon Beruniy, Abdurahmon Jomiy, Boborahim Mashrab, Husayn Boyqaro, Muhammad Haydar Mirzo, Ali Qushchi, Abu Nasr Farobiydek ulugʻ allomalarning maqbaralarini obodonlash-tirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.
Ilmiy ekspeditsiyamizning yaqinda Hindistonga qilgan safari ham juda muvaffaqiyatli oʻtdi. Safar davomida xalqimizning madaniy-maʼrifiy merosiga taalluqli 120 dan ortiq qoʻlyozma va nodir manbalar nusxalarini, oʻndan ziyod noyob kitoblarni yurtimizga olib keldik. Arab, ingliz, fors va qadimiy turk tilida yozilgan ana shu qoʻlyozmalar tarjima qilinib, xalqimizga taqdim etiladi, ilmiy isteʼmolga kiritiladi.
Muxtasar aytganda, fondimiz Zahiriddin Muhammad Bobur, boburiylar va boshqa ulugʻ allomalarimiz ilmiy merosini oʻrganish, targʻib etish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi. Maqsadimiz Bobur bobomizning “Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki mundin yaxshi yoʻq” degan soʻzlarini oʻzimizga shior bilib, faqat ezgu va xayrli ishlarning boshidan tutishdir.
Zokirjon Mashrabov,
Bobur xalqaro jamoat fondi raisi,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi

 

OʻzA