Qozogʻistonning Turkiston shahrida “Oʻzbek tili, madaniyati va urf-odatlari” festivali boʻlib oʻtdi.
Unda Qozogʻistonning barcha viloyatlaridan kelgan turli millat vakillari qatorida mamlakatimizning ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohasi vakillaridan iborat delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Festival doirasida oʻzbek millatiga mansub qozogʻistonlik tadbirkorlar mahsulotlari, amaliy sanʼat ustalari ijodiy chiqishlari, oʻzbek milliy taomlari va non festivali tashkil qilindi. Oʻzbek milliy urf-odat va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan sahna koʻrinishlari, bobodehqonlar yetishtirgan sarxil meva-sabzavotlar yarmarkasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda birdamlik ramzi sifatida sport musobaqasi tashkil qilindi. Turkistonning “Oʻrdabosi” hamda Oʻzbekistonning “Paxtakor” futbol klubining faxriylardan tarkib topgan jamoalari maydonga tushdi.
Koʻtarinki ruhda tashkil etilgan tantanada Turkiston viloyati hokimi Janseyit Toʻymebayev soʻzga chiqdi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Feruz Bekov ikki davlat oʻrtasida turli sohalarda aloqalar mustahkamlanib borayotgani, bu borada Qoʻmita oldida turgan vazifalar va amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab berdi.
Oʻzbekistonlik yosh isteʼdod egalarining badiiy chiqishlari, yangragan kuy-qoʻshiqlar tadbirga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Festival doirasida millatlararo munosabatlarni mustahkamlashda faol ishtirok etgan bir guruh oʻzbekistonlik sanʼat ustalari “Jamoat fidoyisi” faxriy medali bilan taqdirlandi.