Nazariya va amaliyotda uzviy bogʻliqlik yoʻq

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi hamda “Yoshlar ovozi” va “Molodej Uzbekistana” gazetalari tahririyati tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda oʻzbek jurnalistikasi faoliyati, unda yosh jurnalistlarning oʻrni va taʼsiri, sohadagi erishilayotgan yutuq va kamchiliklarni bartaraf etish, malakali jurnalistlar tomonidan bildirilayotgan takliflar asosida kelgusidagi maqsadli ishlarni belgilab olish masalalari muhokama markazida boʻldi.
Mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida qabul qilingan Harakatlar strategiyasi asosida ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish, puxta bilim va yuqori malakaga ega yosh jurnalistlarni tayyorlashga doir keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Anjumanda jurnalist kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar, yoshlar iqtidorini ragʻbatlantirishning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish, ilgʻor fikrli, faol fuqarolik pozitsiyaga ega, zamonaviy bilim va xorijiy tillarni puxta egallagan yosh jurnalist kadrlar bazasini shakllantirish yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
Yosh jurnalist kadrlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan maqsadli foydalanishi, oʻz iqtidorlarini namoyish etishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi yosh jurnalistlar kengashi mazkur yoʻnalishlarda samarali faoliyat olib bormoqda.
Oʻtgan davr mobaynida kengash tomonidan davra suhbatlari, bahs va munozaralarga boy ijodiy kechalar, seminarlar tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Milliy Universiteti Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatova taʼlim ichida amaliyotni mukammal joriy etish, talabalar orasidan maqsadli kadrlarni tayyorlash tizimlarini keng yoʻlga qoʻyish xususida toʻxtalib oʻtdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA