“Bagʻrikeng Oʻzbekiston” yoshlar festivalining QoraqalpogʻistonRespublikasi bosqichi boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib qilishga qaratilgan festivalda uning shahar-tuman bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar 5 yoʻnalish – insho, sheʼriyat, tasviriy va fotosanʼat hamda turli millat va elat vakillarining milliy raqslari boʻyicha oʻz mahoratini namoyish etdi.
– Bugungi turli axborot xurujlari avj olgan kunda bunday tadbirlar,ayniqsa, yoshlar uchun gʻoyat foydali, – deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi kengashi raisi oʻrinbosari Bibijon Orolboyeva. – Ishtirokchilar tajriba almashdi, oʻz bilimi va isteʼdodini namoyish etdi. Turli millatlarning milliy liboslari koʻrgazmasi, folklor badiiy jamoalarining chiqishlari va boshqa dasturlarda Oʻzbekistonimizda barcha millat va elatlar ahil-inoq yashayotgani, fidokorona mehnati bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgani namoyon boʻldi.
Har bir yoʻnalish boʻyicha birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinni egallagan yoshlar festivalning mamlakat bosqichiga yoʻllanma oldi.
Gʻoliblar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.