Xalqaro miqyosda eʼtiborga molik biznes tadbir – “VIII Markaziy Osiyo savdo forumi” Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkaziladi.
AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan ushbu tadbir joriy yil 17-18 oktyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi.
Markaziy Osiyo savdo forumi dunyo boʻyicha 70 milliondan ziyod hamkor va biznes doira vakillarini oʻz atrofiga birlashtiradi. Mazkur yirik tadbirning Toshkentda oʻtkazilishi Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlari bilan dunyo hamjamiyatini tanishtirish uchun oʻziga xos platforma boʻlib xizmat qiladi.
Forumda ishtirok etish istagida boʻlgan qatnashchilar soni yildan- yilga ortib bormoqda. 2017-yili Qozogʻistonda oʻtgan forumda 18 mamlakatdan 1 ming 100 nafardan ziyod vakil qatnashgan edi.
Bu yilgi forum “Savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” mavzusida tashkil qilinadi va Markaziy Osiyoning, xususan, Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro savdo uchun ochilib borilayotgani, biznes imkoniyatlariga bagʻishlanadi.
Anjuman doirasida savdo koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtadi. Unda mintaqaning turli tarmoqlar, jumladan, transport, turizm, axborot texnologiyalari, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, meva-cabzavot yetishtirish va qayta ishlash korxonalari ishtirok etadi.
Xalqaro anjuman Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqobatbardoshlikni oshirish, savdo faoliyatini qoʻllab-quvvatlash orqali ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan loyihadir. Bu mintaqaning beshta mamlakatida meva-sabzavotchilik, turizm, transport va logistika sohalarida aholi bandligini taʼminlash, shuningdek, eksportni har tomonlama rivojlantirishni koʻzda tutadi.