Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev 24-sentyabr kuni mamlakatimizga kelgan Indoneziya Xalq maslahatlashuv kongressi raisi oʻrinbosari Hidoyat Nur Vohid boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqotda Oʻzbekiston – Indoneziya parlamentlararo hamkorligini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Joriy yilda Indoneziya parlamenti Xalq vakillari kengashi, Hududlar vakillari kengashi va Indoneziya Xalq maslahatlashuv kongressi delegatsiyalari mamlakatimizda boʻldi. Bu qonun ijodkorligi faoliyatini oʻrganish va tajriba almashish boʻyicha ikki mamlakat parlamentlararo hamkorligi rivojlanayotganidan dalolatdir.

Uchrashuv chogʻida mehmonlarga 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻzlab berildi. Davlat qurilishini takomillashtirish, demokratik islohotlarni amalga oshirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, soʻz erkinligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishda faoliyati tobora kengayayotgan parlament nazorati muhim oʻrin tutayotgani alohida taʼkidlandi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha toʻplangan tajribalar tahlil qilindi. Parlamentlararo muloqotni mazmun jihatdan yanada boyitish uchun barcha zarur imkoniyatlar borligi qayd etildi.

Tadbirda tomonlar parlamentlararo hamkorlik va xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA