Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida 24-sentyabr kuni Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirim boshchiligidagi Turkiya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yoʻldoshev bilan uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotgani, xususan, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirishga hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtibor berilayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning joriy yilda mamlakatimizga davlat tashrifi barcha yoʻnalishdagi munosabatlarni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda.
Parlamentlararo aloqalar jadal surʼatlar bilan mustahkamlanib borayotgani manfaatli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish imkonini bermoqda. Joriy yil mart oyida Turkiya parlamentining “Turkiya – Oʻzbekiston” parlamenlararo doʻstlik guruhi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi fikrimiz tasdigʻidir.
Turkiya parlamenti delegatsiyasining tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi parlamentlararo doʻstlik guruhining ilk qoʻshma majlisi oʻtkazilgan edi. Unda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2018-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” imzolangan boʻlib, ushbu tashrif ham mazkur kelishuv doirasidagi tadbirlardan biridir.
Muloqotda tomonlar Oliy Majlis Senati va Buyuk millat majlisi shafeligida Oʻzbekiston – Turkiya hududlari forumlarini tashkil etish toʻgʻrisida fikr almashdi. Parlamentlararo hamkorlik hamda xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi oʻzaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Suhbat chogʻida ikki mamlakat savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorligini faol qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Bunda qonun chiqaruvchi organlar oʻrtasidagi aloqalar, parlamentlararo doʻstlik guruhlarining imkoniyatlaridan faol tarzda foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Mehmonlarga mamlakatimiz parlamenti quyi palatasi faoliyati, parlamentarizm sohasidagi yangiliklar, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida soʻzlab berildi.
Binali Yildirim ikki mamlakatning oliy vakillik organlari oʻrtasidagi aloqalar faol rivojlanayotganini alohida taʼkidladi. Bu kabi amaliy muloqotlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va albatta parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirim Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi boʻlgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qoʻydi.
Turkiya parlamenti delegatsiyasi shu kuni ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan qator muzokaralarda ham ishtirok etdi.