Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga boʻlajak davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi azaliy doʻstlik rishtalariga asoslangan munosabatlarda yangi davrni boshlashi kutilmoqda.
OʻzA muxbiri tashrif arafasida Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vinod KUMAR bilan ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va yangi imkoniyatlari haqida suhbatlashdi.
– Janob elchi, Oʻzbekiston bilan Hindistonning tarixiy-madaniy aloqalari ming yillarga teng. Uning istiqbollari haqida qanday fikrdasiz?
– Oʻzbekiston bilan Hindistonni koʻp asrlik tarixiy, madaniy-maʼnaviy aloqalar bogʻlab turadi. Ming yillar davomida ikki xalq madaniyati bir-biriga uygʻun tarzda shakllangan va rivojlangan. Ayniqsa, meʼmorlik anʼanalari, adabiy meros va xalq ogʻzaki ijodida uygʻun jihatlar koʻp. Alisher Navoiy, Mirzo Gʻolib kabi buyuk allomalarimiz xalqlarimiz uchun birday mashhur va ardoqli.
2015-yilda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz hayotida yirik voqea sifatida tarixga muhrlanib, uning doirasida koʻplab hujjatlar qatori xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan Madaniy hamkorlik dasturi va turizm boʻyicha hamkorlik bitimi imzolandi.
Toshkent shahrida Laʼl Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. Ushbu markaz hind tili, madaniyati, urf-odatlari bilan yaqindan tanishish istagida boʻlganlar uchun doimo ochiq. Bundan tashqari, markaz Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham xalqlarimiz maʼnaviy aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan koʻplab madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etib kelmoqda. Har oyning soʻnggi jumasida markaz tomonidan oʻtkaziladigan “hindi-manch” tadbiri ulardan biri. Ushbu tadbir markazga keluvchilarning Hindiston madaniyati bilan yaqindan tanishish, hind tilida muloqot qilishi uchun oʻziga xos maydonga aylangan.
Oʻzbekiston bilan Hindiston madaniy aloqalarida yaxshi bir anʼana shakllangan. Mamlakatlarimizda bayramlar, nufuzli festivallarda ikki xalq vakillari faol ishtirok etib kelmoqda. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida ilk bor oʻtkazilgan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida ham hindistonlik sanʼatkorlar qatnashib, oʻzbek maqom sanʼatining sehrli va xush ohanglaridan bahramand boʻlish barobarida, mahalliy xalq urf-odatlari, hunarmandlik namunalari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, har yili yurtingizda oʻtkazilayotgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, turli sohalar boʻyicha munosabatlarni izchil yoʻlga qoʻyishga xizmat qilmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ikki mamlakatning koʻp asrlik doʻstona hamkorlikka asoslangan yuksak darajadagi siyosiy va diplomatik aloqalari yanada yuqori bosqichga koʻtariladi.
– Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning qaysi yoʻnalishlarini ustuvor, deb hisoblaysiz?
– Hindiston Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirish tarafdori. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha mamlakatlarimiz faol ish olib bormoqda. Oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlarga asoslangan strategik sheriklik qishloq xoʻjaligi, paxta va toʻqimachilik sanoati, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, fan-texnika, kosmonavtika, muqobil energiya sohalari boʻyicha hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.
– Oʻzbekistonda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish maqsadida maxsus erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi. Ushbu sohada roʻyobga chiqarilayotgan loyihalarga ham toʻxtalsangiz?
– Hindiston Oʻzbekiston bilan sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida faol hamkorlik qilmoqda. Shu yil fevral oyida Hindiston kimyo sanoati va oʻgʻitlar davlat vaziri Mansuh Mandaviya boshchiligidagi delegatsiya mamlakatingizga tashrifi doirasida Oʻzbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralarining biznes-anjumani boʻlib oʻtdi. Tashrif doirasida tomonlar farmatsevtika boʻyicha hamkorlikni yana kengaytirish imkoniyatlarini oʻrgandi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda bitta Hindiston farmatsevtika kompaniyasi faoliyat yuritmokda. Yana ikkita shunday korxona barpo etish rejalashtirilgan.
Ayni vaqtda Andijonda Oʻzbekiston – Hindiston erkin farmatsevtik zonasini tashkil etish boʻyicha ikki tomonlama ish olib borilmoqda. Umid qilamizki, boshlangan tadbirlar yaqin orada oʻz samarasini berib, mamlakatingiz farmatsevtika sohasi rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻsha boshlaydi.
– Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz hamkorligida qanday sahifa ochadi?
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga kutilayotgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga koʻtarib, tarixiy voqea boʻlib qoladi.
Ishonamanki, bu tashrif mamlakatlarimizning 2011-yilda asos solingan strategik sherikligiga yangi mazmun bagʻishlab, oʻzaro hamkorligimizda yangi sahifa ochadi.
Bosh vazir Narendra Modining 2015-yilda Oʻzbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlariga yangi turtki bergan edi. Ikki davlat rahbarlari 2017-2018 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham uchrashib, oʻzaro hamkorlikning istiqbolli masalalarini muhokama qildilar. Joriy yilda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj va savdo-sanoat va fuqaro aviatsiya vaziri Suresh Prabxuning mamlakatingizga amalga oshirgan tashriflari ham samarali boʻldi.
– Joriy yildan Hindiston SHHTda toʻlaqonli aʼzo sifatida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimizning tashkilot doirasidagi munosabatlari haqida ham fikr bildirsangiz?
– Hindistonning SHHTga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlagani uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. SHHTga qabul qilingandan soʻng mamlakatimiz tashkilotning barcha aʼzo davlatlari bilan hamkorlik ishlarini boshladi. Dehli shahrida SHHT ekspertlar yigʻilishi oʻtkazildi. Xalqlar farovonligi yoʻlida boshqa aʼzo davlatlar bilan ham hamkorlikni kengaytirmokdamiz. Jumladan, terrorizmga qarshi kurashish, oʻzaro aloqalarni rivojlantirish va boshqa turli sohalardagi masalalarni muhokama qilmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston xalqini yaqinda nishonlangan mustaqillikning 27 yillik bayrami bilan tabriklayman. Oʻzbek xalqi oʻz mamlakatini yanada yuqori darajaga koʻtarishiga chin dildan tilakdoshman.