Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida “Oʻzbekiston – Afgʻoniston munosabatlarida yangi davr” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Ergashev, Afgʻoniston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sayid Shahobiddin Timuriy, “Oʻzbekiston – Afgʻoniston” doʻstlik jamiyati raisi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori Abdurahim Mannonov, olimlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Afgʻonistonda 40 yildan ortiq vaqtdan beri notinch vaziyat hukm surmoqda. Mamlakatimiz dunyo eʼtiborini ushbu jarayonga qaratib, qoʻshni diyorda tinchlikka erishish orqali mintaqada barqaror taraqqiyotga erishish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda taʼkidlanganidek, tashkil qilingan “Oʻzbekiston – Afgʻoniston” doʻstlik jamiyati xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish imkonini beradi.

 

Z.Mirzaboyeva, OʻzA