Sakkizinchi Markaziy Osiyo savdo forumi tashkil qilindi

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda sakkizinchi Markaziy Osiyo savdo forumi tashkil qilinmoqda.
Xalqaro miqyosda eʼtiborga sazovor biznes tadbir 2018 yil 17-18 oktyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadi.
Markaziy Osiyo savdo forumi misli koʻrilmagan platforma boʻlib, biznes jamiyatiga istiqbolda 70 milliondan oshiq mijozi mavjud Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlaridagi yangi imkoniyatlar bilan tanishishga imkon beradi. Oʻtgan yili Olmaotadagi forum 18 mamlakatdan 1100 dan ortiq qatnashchilarni yigʻdi. Qirgʻizistonning Bishkek shahrida 2011 yilda oʻtkazilgan birinchi forumda esa Osiyo, AQSH, Yevropa va Yaqin Sharqdan korxonalar rahbarlari, davlat arboblari va mutaxassislar oʻz gʻoyalarini almashish, shartnomalar tuzish va kelajakdagi hamkorlik uchun yangi sherikchilik yaratish uchun bu forumdan foydalangan edi.
Bu yilgi forum “Savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar” deb nomlangan. Tadbir Markaziy Osiyoning, ayniqsa, Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro savdo uchun ochilib borayotganini aks ettiradi. Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish surʼatini tezlashtirish uchun valyuta liberalizatsiyasidan biznes sohasidagi islohotlargacha boʻlgan qator choralar koʻrilmoqda. Forum bilan bir paytda savdo koʻrgazmasi ham boʻlib, unda butun mintaqadagi turli tarmoqlar, shu jumladan, transport, turizm, axborot texnologiyalari, asbob-uskuna ishlab chiqarish, meva-cabzavot yetishtirish va qayta ishlash va hakozo korxonalar ishtirok etadi.
Forumning tashkilotchisi USAIDning Markaziy Osiyoda raqobatbardoshlik, savdo va ish joylari yaratish sohalaridagi loyihasi boʻlib, u mintaqaning beshta mamlakatida meva-sabzavotchilik, turizm, transport va logistika sohalarida bandlikni yuksaltirish va eksportni rivojlantirishga qaratilgan. Mintaqada korxonalar raqobatbardoshligini oshirish va savdodagi toʻsiqlarni yoʻqotish orqali USAID eksport salohiyatini yuksaltirish uchun xususiy sektorga ham yordam beradi.

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA