Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida boʻlib oʻtayotgan Yaponiya sanʼat delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv ikki mamlakat madaniyati va sanʼatining turli koʻrinishlari namoyishi bilan davom etdi. Musiqiy ohang ostida rasm chizish va sheʼrxonlik ham boʻlib oʻtdi. Yapon xalqining milliy anʼanalariga koʻra, ular musiqa yangrayotgan vaqtda rasm chizib, sheʼriy namunalar ham oʻqib boradi. Ayni jarayon talabalarda katta qiziqish uygʻotdi.
Konservatoriya talabalarining kuy-qoʻshiqlariga esa delegatsiya vakillari raqs ijro etdi. Yapon milliy sozlarida musiqachi yoshlarimiz oʻzlarini sinab koʻrdi. Uchrashuv ushbu yoʻnalishdagi yangi loyihalarga turtki boʻldi.
Tadbir davomida ikki davlat oʻrtasida madaniy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan kelishib olindi. Ular yurtimizda har yili oʻtkaziladigan “Navroʻz sadolari”, “Ona yurt ohanglari” kabi xalqaro tanlovlarga katta qiziqish bildirdi. Tanlov shartlari bilan yaqindan tanishgach, ular ushbu tanlovlarda ishtirok etish yuzasidan toʻliq maʼlumotlarni olishdi. Kelgusida Yaponiya sanʼatkorlari yurtimizdagi tanlovlarda ishtirok etishi yuzasidan kelishib olindi.
Delegatsiya aʼzolari konservatoriyadagi muzeyni tomosha qildi. Talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Yapon musiqashunoslari Kotoni mukammal oʻrgangan yoshlar, yapon musiqasiga qiziqqan va oʻrganayotgan oʻzbekistonlik musiqachilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Endilikda ushbu yoʻnalishda ijod qiladigan yoshlar Yaponiya katta sahnalarida oʻz mahoratini namoyish etishi mumkin. Bu boradagi kelishuv tez orada kuchga kirishi qayd etildi.
B.Meliqulova, OʻzA