Oʻzbekistonlik sanʼatkorlar oʻz mahoratlarini namoyish etadi

Shu yilning 18-sentyabrdan 26-sentyabrga qadar Oʻzbekiston milliy simfonik orkestrining “OPEN AIR. Silk road simfony” konsert dasturlari boʻlib oʻtadi.
Mazkur dasturlardan koʻzlangan maqsad – aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni milliy va jahon sanʼatining yuksak namunalaridan bahramand qilish, shu orqali ularni globallashib borayotgan “ommaviy madaniyat” taʼsiridan himoyalash, yurtimiz sanʼatkorlarining yutuqlari hamda imkoniyatlarini keng targʻib etishdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “Sothis Aegis” kompaniyasi hamda keng jamoatchilik taklifiga binoan milliy va jahon klassik simfonik musiqasi, qoʻshiq va ariyalardan tashkil topgan konsert dasturlari 18-sentyabr kuni Gulistonda, 20-sentyabr – Jizzaxda, 22-sentyabr – Samarqandda, 24-sentyabr – Navoiyda va 26-sentyabr kuni Buxoro shaharlarida oʻtkaziladi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy veb-sayti (uza.uz)da keng yoritilishi rejalashtirilgan. Tadbir bilan bogʻliq tafsilotlarni saytimizda kuzatib boring!

 

OʻzA