Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazmalar zalida qozogʻistonlik rassom Batuxan Baymenning shaxsiy koʻrgazmasi ochildi. Unda ijodkorning 150 ga yaqin ijod namunasi namoyish etilmoqda.
Ijodkorning asarlari dunyoning koʻplab davlatlaridagi sanʼat galereyalaridan munosib joy egallagan. B.Baymenning asarlari Toshkentda ilk bor 1986-yilda namoyish etilgan.
B.Baymen ijodida Abay sheʼriyatining tasviriy ifodasini sezish mumkin. Sheʼrdagi hissiyotlar rassom chizgilarida jonlanadi. Bu suratlarni tomosha qilar ekansiz bepoyon qozoq dalasi, suruvlar, oʻtov va mehmondoʻst xalq tantiligi koʻz oldingizda namoyon boʻladi.
Rassomning “Asrga tatigulik kun”, “Raymali ogʻa”, “Koʻchmanchi qushlar”, “Ov”, “Koʻchmanchilar”, “Mening kechinmalarim”, “Xavotirli tush”, “Baxt haqida suhbat”, “Qogʻoz samolyot”, “Moviy koʻl” kabi asarlari chuqur falsafiy gʻoyalarga yoʻgʻrilgani bilan tomoshabin qalbida ezgu tuygʻular uygʻotadi.
Koʻrgazma 27 sentyabrgacha davom etadi.
G.Boboyeva, O.Gʻulomov (surat), OʻzA