Oʻzbekiston – Misr hamkorligida yangi bosqich boshlanmoqda

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisi 4-5 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 5 sentyabr kuni Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Abdulfattoh as-Sisi tor doirada uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni qutlab, ushbu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarda tarixiy voqea ekanini taʼkidladi.

– Biz Misrni qadimiy sivilizatsiya beshigi, boy tarix va yuksak salohiyatga ega mamlakat deb bilamiz. Xalqlarimizning madaniy yaqinligi juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Ota-bobolarimiz birgalikda ilm-fanni rivojlantirgan, madaniy hamkorlik, savdo-sotiq qilgan. Bunga tarixda misollar juda koʻp. Bugun Oʻzbekiston – Misr hamkorligida yangi bosqich, amaliy ishlar davri boshlanmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

– Avvalo, Oʻzbekistonga taklifingiz uchun tashakkur izhor qilmoqchiman, – dedi Abdulfattoh as-Sisi. – Mamlakatingizga kelgan ilk daqiqalardanoq oʻzimni yurtimdagidek his qildim. Misr xalqi mamlakatimiz bilan ming yillik mushtarak tarixga ega Oʻzbekiston va uning xalqini gʻoyat hurmat qiladi. Oʻylaymanki, bu tashrif nafaqat oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki barcha sohalarda ulkan yuksalishlarga turtki beradi. Biz munosabatlarimizni har tomonlama rivojlantirish tarafdorimiz.

Oʻzbekiston va Misrni, garchi oradagi masofa uzoq boʻlsa-da, tarixiy-madaniy mushtaraklik, anʼanaviy doʻstlik va yaqin hamkorlik birlashtirib turadi. Misr Prezidentining mamlakatimizga ilk tashrifi ana shu azaliy aloqalarni bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda, yangi asosda ravnaq toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Mamlakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlikni yanada faollashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2016 yil oktyabr oyida Toshkentda oʻtgan 43-sessiyasida Misr delegatsiyasi ishtirok etdi. Ushbu mamlakat yetakchi ekspertlari yurtimizdagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida muntazam qatnashib kelmoqda.

Mintaqaviy va global masalalarga yondashuvlar ham oʻxshash yoki yaqin. Oʻzbekiston va Misr Afgʻonistonda faqat ushbu mamlakat xalqi tomonidan tinchlik oʻrnatish jarayonlari amalga oshirilishi tarafdoridir.

Afgʻonistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, bu masalalar boʻyicha tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazib borishga kelishib olindi.

Prezidentlar xavfsizlik muammolariga alohida eʼtibor qaratdilar. Terrorizm, ekstremizm, noqonuniy migratsiya, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va boshqa tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalarni atroflicha muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Misr Prezidentlarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida savdo-sotiq va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shu maqsadda mamlakatlarimiz imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish masalalari muhokama markazida boʻldi.

Iqtisodiy hamkorlik davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni davom ettirish zarur. Muzokaralarda taʼkidlanganidek, savdo hajmini yaqin yillarda bir necha barobar oshirish uchun har ikki tomonda foydalanilmayotgan ulkan imkoniyatlar mavjud.

Oʻzbekiston Misrga uning bozorida talab yuqori boʻlgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilishi mumkin. Misrda esa mamlakatimizga dori-darmon, tibbiyot jihozlari, gilamlar, mebellar, neft-kimyo mahsulotlari, marmar, chinni, teri va plastik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlari yuqori.

Ikki davlat masʼul idoralariga savdo aylanmasiga qulay shart-sharoit yaratish, tovar ayirboshlash tuzilmasini toʻliq diversifikatsiya qilish va uning hajmini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy izlanishlar natijalari va ilgʻor tajribani almashishga kelishib olindi. Ishbilarmon doiralar vakillarining Oʻzbekiston va Misrda oʻtkaziladigan koʻrgazma-yarmarkalarda ishtirok etishi ragʻbatlantiriladi.

Misr Prezidentining tashrifi doirasida oʻtgan Oʻzbekiston – Misr biznes-forumi ana shu muloqotlarning uzviy davomi boʻldi. Ushbu forumda umumiy qiymati 400 million dollardan ziyod shartnomalar imzolandi. Bu ham iqtisodiy sohada ulkan imkoniyat va resurslar borligidan dalolatdir.

Mamlakatlarimiz qadimda Buyuk ipak yoʻlining asosiy tarmoqlari boʻlgan. Bugungi kunda tashqi bozorlarga tez va samarali chiqishni taʼminlovchi transport va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish davlatlarimiz oʻrtasida savdo hajmini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu oʻrinda xalqaro suv yoʻlagi sifatida Suvaysh kanalining ahamiyati beqiyos. Suvaysh kanalidagi iqtisodiy zona Oʻzbekiston mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishni yengillashtirishda qulay imkoniyat yaratadi.

Oʻzaro savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda hududlararo hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Muzokarada Namangan va Iskandariya viloyatlari oʻrtasida bevosita hamkorlik oʻrnatish, yaqin kunlarda ushbu viloyat delegatsiyasining yurtimizgatashrifini tashkil qilishga kelishib olindi.

Misr turizm sohasida katta salohiyat va tajribaga ega mamlakat. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ham ushbu tarmoq jadal rivojlanmoqda. Muzokarada bu sohadagi aloqalarni kengaytirish, Oʻzbekistondagi qadimiy shaharlar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun Misrlik sayyohlarni koʻpaytirish mumkinligi qayd etildi. Toshkent, Qohira va Xurgada oʻrtasida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi.

Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulugʻ bobokalonlarimizning noyob ilmiy-maʼrifiy merosi butun musulmon olamining bebaho boyligidir. Bu oʻrinda buyuk ajdodimiz Ahmad Fargʻoniyning Misrda yashab, oʻlmas kashfiyotlar qilgani, jumladan, Nil daryosi suvini oʻlchaydigan inshoot – “Miqyosi Nil”ni yaratgani bugungi avlodlarga yuksak iftixor bagʻishlaydi. Qohira shahrida, buyuk Nil boʻyida Ahmad Fargʻoniy bobomizga oʻrnatilgan muhtasham haykal bugun xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlikning yorqin ramziga aylangan.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik boʻyicha ham ijobiy natijalarga erishildi. Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasida faol hamkorlik oʻrnatishga kelishib olindi.

Muzokarada xalqlarimizning maʼnaviy yaqinligini inobatga olib, qoʻshma madaniy tadbirlarni koʻpaytirish, ayni paytda, taʼlim, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, sayyohlik, madaniyat, sport va boshqa sohalarda oʻzaro aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining Qoʻshma bayonoti qabul qilindi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida yoshlar, sport, investitsiya, qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida Anglashuv memorandumlari, taʼlim, turizm, arxeologiya, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga doir bitimlar, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2019-2020 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi va adliya vazirliklari oʻrtasida hamkorlik memorandumi singari jami 12 hujjat imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muloqotlar ochiq, doʻstona va amaliy ruhda oʻtganini, hamkorlikni rivojlantirishga doir keng qamrovli masalalar muhokama etilganini taʼkidladilar. Imzolangan hujjatlar Oʻzbekiston va Misrning uzoq muddatli manfaatlariga, mamlakatlarimizni rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

– Misr Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarda tarixiy ahamiyatga ega boʻldi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Biz ikki tomonlama munosabatlarga doir hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdik. Ishonchim komilki, ushbu kelishuvlar Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan boyitib, oʻzaro manfaatli hamkorligimizni yangi, yuqori bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

– Oʻzaro samimiy muloqot va Misr delegatsiyasiga koʻrsatilgan mehmondoʻstlik uchun Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga minnatdorlik izhor qilaman, – dedi Abdulfattoh as-Sisi. – Bugun imzolangan hujjatlar yaqin kelajakda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik koʻlamini kengaytirish va jadallashtirishga xizmat qiladi. Ushbu kelishuvlar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bir-biriga mushtarak intilishlari samarasidir.

Abdulfattoh as-Sisi Shavkat Mirziyoyevni rasmiy tashrif bilan Misrga taklif qildi.

Shu bilan Misr Arab Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA