Oʻzbekiston va Misr Prezidentlari muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirmoqdalar.
Unda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion va ilmiy-texnikaviy, turizm va madaniyat sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doir dolzarb masalalar koʻrib chiqilmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni davom ettirish zarur. Muzokaralarda taʼkidlanganidek, savdo hajmini yaqin yillarda kamida oʻn barobarga oshirish uchun tomonlarda barcha imkoniyat va zaxiralar mavjud.
Oʻzbekiston Misr bozorida talab yuqori boʻlgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilishi mumkin. Misrda esa mamlakatimizga dori-darmon, tibbiyot jihozlari, gilamlar, mebellar, pardalar, neft-kimyo mahsulotlari, raqamli xizmatlar, marmar, keramika, teri va plastik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlari yuqori.
Ikki davlat masʼul idoralariga savdo aylanmasiga qulay shart-sharoitlar yaratish, tovar ayirboshlash tuzilmasini toʻliq diversifikatsiya qilish va uning hajmini kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Qishloq xoʻjaligi sohasida ilmiy izlanishlar natijalari va ilgʻor tajribalarni almashish borasida hamkorlik qilishga kelishib olindi. Ishbilarmon doiralar vakillarining Oʻzbekiston va Misrda oʻtkaziladigan koʻrgazma-yarmarkalarda ishtirok etishi, ikki davlat mintaqalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik ragʻbatlantiriladi.
Misr Prezidentining tashrifi doirasida oʻtayotgan Oʻzbekiston – Misr biznes-forumi ana shu muloqotlarning uzviy davomi boʻldi. Ushbu forumda 400 million dollardan ziyod shartnomalarga qoʻl qoʻyildi. Bu ham iqtisodiy sohada ulkan imkoniyat va resurslar borligidan dalolat.
Matnazar Elmurodov, OʻzA