Oʻzbeklarning Misrda tutgan oʻrni, ularning podshohlik bilan bogʻliqliklarini teran anglash har ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oʻzbeklar Misrda voliylik, hokimlik qilishdi, nufuzli mahkamalarda rahbar, amir, qoʻshinga qoʻmondon boʻlishdi. Uzoq davr ichida Misrning siyosiy-idoraviy, ijtimoiy-madaniy hayotida alohida oʻrin egallashdi.
Abbosiylar xalifaligi davrida asli buxorolik Ahmad ibn Tulun oilasi Misrda mustaqil davlat barpo etib, 868 (254 hijriy) yili Tuluniya davlatiga asos soldi. Bu oila Misrda oʻttiz sakkiz yil hukmronlik qildi. Bu yillar Misr tarixida yorqin iz qoldirgan davr hisoblanadi.
Ibn Tulun oʻtkir siyosatchi, mohir rahbar, harbiy sohada ham bilagʻon mutaxassis edi. U boshqargan yillar Misrda tinchlik va osoyishtalik barqaror boʻldi, odamlar xotirjam va toʻq hayot kechirishdi. U dehqonchilik sohasiga alohida eʼtibor qaratdi, yangi yoʻllar qurdirdi. Shahar atrofi devor bilan oʻraldi, xususan, “Akal hasiyna” qalʼasi qurildi.
Tarixchilar uni “xalqiga adolatli, saxovatpesha, shariatga toʻla amal qiluvchi podshoh, olimlar va donishmandlarni sevadigan, ezgulik qilishni xush koʻradigan, odamlardan yordam, yaxshilik va sadaqayu ehsonini ayamaydigan inson, doimo ilm, hadis izlash bilan mashgʻul boʻlgan, Misrdan Furotgacha, bu yogʻi Marokash yurtlarigacha hukmronlik qilib, adolat oʻrnatgan, hatto Bagʻdod xalifaligiga nomzodi qoʻyilgan dilbar shaxs edi”, deya taʼriflashadi.
Oʻgʻli Xumorviya ham Misr hududida turli nizo va fitnalarning oldini olishda, osoyishtalik va farovonlikni taʼminlashda katta xizmatlar qilgan.
Ahmad ibn Tulun va oʻgʻli Xumorviya davri Misr tarixidagi oltin davr hisoblanadi, chunki shu davrda yurt madaniy yuksaldi, iqtisodiy oʻsdi. Hatto uning tashqi savdo aylanmasi 4,3 million dinorni tashkil etdi.
Shuningdek, tuluniylar Islom olamini vizantiyaliklar xataridan saqlashda alohida xizmatlar qilishdi. Vizantiya abbosiylar xalifaligi poytaxti va Shom shaharlariga qarshi jangga otlanganida tuluniylar ularga qarshi kurashib, xalifalik davlati chegaralarini mustahkamlashdi. Misr va Shomda turib, Rumga qarshi himoya bayrogʻini baland koʻtarishdi va Rumni dahshatga solgan yirik kuchga aylanishdi.
Ahmad ibn Tulun Tarsusda vizantiyaliklar ustidan gʻalaba qozondi, ulardan musulmon asirlarni qaytarib berishni talab qildi. Tarsusdan Furot daryosigacha boʻlgan yerlar uning qoʻl ostiga oʻtdi. Ushbu zafarlar tufayli ibn Tulun Misr, Shom va Arabiston yarim orolida hukm yuritdi.
Tuluniylardan soʻng Misrda “ixshidiy” nomi bilan mashhur, asli fargʻonalik Muhammad ibn Togʻoch ibn Jaf ixshidlar davlatiga asos soldi. U Misrda oʻttiz besh yil (mil. 945-969, hij. 323-358) hukmronlik qildi. Muhammad ibn Togʻoch odil, botir, uzoqni koʻra oladigan, teran mushohadali, tadbirkor podshoh edi. U jang ilmini yaxshi bilar, qoʻshinni izzat-ikrom qilar edi.
Tuluniylar bilan ixshidiylar bir-birlari bilan quda-anda boʻlib ketishgan, Qutrunnadiy Xumorviy Fargʻoniyning qiziga uylangan, bu nikoh shodu xurramlik va goʻzallik timsoli boʻlib, bu haqdagi asarlar hozir Misr adabiy merosining bir qismiga aylangan.
Oʻzbeklar ikki dengiz (Qora va Oʻrta yer dengizi) boʻyida joylashgan podshohliklar sultonlarining doimiy eʼtiborida boʻlishgan. Aslida aksariyat sultonlarning kelib chiqishi qipchoq (oʻzbek) diyoridan edi. Masalan, Misr sultoni Zohir Beybars oʻzbeklar bilan ittifoq tuzishga intilardi. 1261—1263 yillari Baraka Xon bilan oʻzaro bordi-keldi va sovgʻa-salom yuborishni yoʻlga qoʻygan edi. Sulton Beybars oʻsha yillari uning qiziga uylandi. Qohira, Quddus, Makka va Madina minbarlaridan uni duo qilishardi. Bu ittifoq Shubhasiz, ikkovlarining ham dushmanlari boʻlgan, Fors va Iroqda zugʻum oʻtkazayotgan moʻgʻul bosqinchilari davlatiga qarshi kurashga yoʻl ochdi.
Sulton Beybars bu ittifoqchilikdan qoʻshinlarini kuchaytirib olishda foydalandi. Bu hamkorlik Misrni oʻzbeklar bilan yanada yaqinlashtirishga, bir-biriga himoyachi boʻlishga olib keldi. Shuning uchun Misr qoʻshinining qoʻmondoni ham, yerlarining amiri ham oʻzbeklar boʻldi.
Oʻlkada Islom dinini himoya qilishda oʻzbeklarning oʻrni nihoyatda katta. Koʻrinib turibdiki, bir tomondan hijriy VII asrda qipchoq davlatida Oʻzbekxonning Islomni qabul qilishi munosabati bilan Islom yurtlari kengaygan boʻlsa, ikkinchi tomondan shu mintaqa xalqlari bilan oʻzaro hamkorlik natijasida Misr va Shomdagi Islom lashkarlari oziq-ovqat bilan taʼminlandi. Bu yerda Misr va Moʻgʻul-qipchoq davlati, xususan, uning boshchisi Oʻzbekxon oʻrtasidagi harbiy hamkorlik muhim ahamiyat kasb etdi.
Oʻzbeklarning Misr podshohlari idoraviy hayotida ham oʻz oʻrni bor. Ular podshohlik kengashi amiri, qoʻshin qoʻmondoni, qurol-yarogʻ amiri, karvonlar amiri, haj amiri kabi oʻta eʼtiborli va oliy mansablarda ishlashgan. Hatto Sulton saroyida faqat bir kishigina tayinlanadigan Majlis amiri, Sulton qoʻriqchisi, Sulton shifokori kabi lavozimlarni ham oʻzbeklar egallashgan.
Shunday amirlardan biri Amir Oʻzbek Yusufiy edi. U podshohlik davlatining buyuk amiri, Sulton Qaytboy davrida eng taniqli rahbar, davlat maslahatchisi, yoʻlboshchisi edi.
Amir Sayfiddin Oʻzbek ibn Totoh ham Nosir Muhammad ibn Qalavun podshohligi davrida eng katga amirlardan edi. Amir Oʻzbek Mahmudiy ham shular jumlasidan. Aynan u 824 hijriy yilda haj amiri sifatida hojilar karvonini boshqargan.
Darhaqiqat, oʻzbek xonlari va Misr podshohlik davri sultonlari oʻrtasida quda-andalik munosabatlari ham mavjud boʻlgan. Masalan, Misr podshohi Nosir Muhammad ibn Qalavun Oʻzbek bilan doʻstona aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida hijriy 720 yilda oʻzbek amirasi Toʻlinoy (yoki Tulunxotin)ga uylangan.
Shuningdek, Misrdagi oʻzbek amirlari ham Misr sultonlarining qizlariga uylanishdi. Masalan, amir Qusun Oʻzbekiy ellik ming dinor mahr berib, podshoh Nosir ibn Qalavunning qiziga uylandi. Uning oʻgʻli Oʻzbek ibn Totoh ham podshoh Nosirning Oʻzbekxon qizidan tugʻilgan qiziga uylangan edi.
Mulohaza shuki, Sulton Nosir Muhammad ibn Qalavunning Oʻzbekxon bilan quda-andachiligi, oʻzbeklarni Misrdagi yuqori lavozimlarga tayinlashi oʻzbeklarning oʻsha zamonlarda Misrdagi turkiy qoʻshinlar orasida alohida eʼtiborga molik tabaqadan boʻlishganini koʻrsatadi. Darhaqiqat, Nosir ibn Qalavun Misr qoʻshinlari, amirlari tarkibiga qipchoq mamlakatidan boʻlgan oʻzbeklar koʻproq kirishini xohlardi. Shuning uchun ham u bilan Oʻzbekxon oʻrtasida elchilar, sovgʻa-salomlar yuborish tinmasdi.
Toʻgʻrirogʻi, yuborilgan elchilar oʻzbeklarni, chunonchi Sayfiddin Toʻqsabo, Sayfiddin Bekmish, Amir Alouddin Oydagʻdiy Xorazmiylarni yaxshi bilishardi. Oʻzbekxon Islomni qabul qilganidan soʻng podshoh Nosir ibn Qalavundan fiqh, hadis, sunnatga oid kitoblardan yuborishini soʻraydi.
Maqriziy bunday yozadi: “Amir Sayfiddin Bekmish Jumdor Zohiriy, Amir Badriddin Bilik Sayfiy Saloriy oʻzbek diyoridan hadya qatorida bir xat ham keltirdilar, unda “Jomiʼul usul fi ahodisir rasulʼʼ, “Shahrus Sunna”, Rovyoniyning fiqhga oid “Bahr” va boshqa bir necha kitoblarni topib yuborish soʻralgan edi, darhol tayyorlab qoʻyildi”.
Oʻzbeklarning Nosir Muhammad ibn Qalavun zamonida erishgan martabalari, uning oʻzbeklar bilan doʻstona aloqalari, quda-anda boʻlishi bizni Sulton Nosir ibn Qalavunning oʻzi ham asli oʻzbeklardan kelib chiqqan, deb xulosa qilishga undaydi.
Tarixiy manbalarda zikr etilishicha, uning ogʻasi qipchoqlardan boʻlgan. Qipchoqlar esa “Dashti qipchoq”, “Jannatmakon yurt” deb taʼriflanadigan mintaqani vatan qilgan turkiy xalqlarning nomidir. Birinchi oʻzbek davlatiga asos solgan Oʻzbekxon va avlodlari Abulxayr Shayboniyxon nasabi ham ularga borib qoʻshiladi.
Sulton Nosir Muhammad ibn Qalavunning onasi Shalun xotin ismli qipchoq amirasi boʻlgan, u Misrda otasi bilan yashardi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Sulton Nosir ham qipchoq moʻgʻullaridan boʻlgan Oʻzbekxonning qiziga uylangan. Bu voqealar Abulxayr Shayboniy qoʻl ostida oʻzbek davlati barpo etilishidan ilgari sodir boʻlgan.
Misr tarixiy manbalari oʻzbeklarni goʻzal fazilatlar va ajoyib sifatlar — shijoat, saxovat, viqor, boshqarishga mohir, harbiy intizomga ega xalq deya tavsiflaydi. Oʻzbekxonning oʻzi arabiy manbalarda odil va saxiy podshoh boʻlgani, uning zamonida Islom gullab-yashnagani, ulamolarni va solih kishilarni doimo izzat-ikrom etilgani taʼkidlanadi.
Usmoniylar davrida ham Misrda oʻzbeklar mavjud edi. Usmoniylar davridagi arxiv hujjatlaridan Qohiradagi Oʻzbek takya (mahalla)si Oʻrta Osiyodan kelgan barcha oʻzbeklarni yaxshi kutib olgani maʼlum boʻladi. Ucmoniylar davlati ularga Sultonlar vaqfi (maxsus hisobi)dan infoq-ehson qilgan, mahallalarini obodonlashtirish va tuzatishga alohida eʼtibor qaratgan, u yerda yashovchilarning oziq-ovqati va ilm olishlari uchun yetarli mablagʻ ajratgan, ularning ehtiyojiga koʻra kitoblar chop etishga ruxsat bergan.
Hozirgi paytda ham Qohirada bir qancha oʻzbek oilalari yashaydi. Shoshlik, buxorolik, fargʻonalik, tarozlik oilalar bor, ular yurtlari nomiga nisbat berilgan ismlarini hamon saqlab kelishmoqda.
Oʻzbeklar Misrning uzoq tarixi davomida uning madaniy hayotida ham alohida oʻrin tutishgan. Bunga hijriy 247 yili Qohira ravzasida Ahmad Fargʻoniy bino qilgan birgina Nil miqyosi (oʻlchagichi)ni eslash kifoya. Ahamiyatlisi shundaki, bu miqyosdan hozir ham keng foydalanilmoqda.
Ahmad ibn Tulun qurdirgan jome (masjid-madrasa) Misrning hozirgi kunda ham maydoni jihatidan eng katta jomelaridan biridir. Uni Ahmad ibn Tulun milodiy 878 (hijriy 265) yili qurib bitkazgan, Qohiraning Sayyida Zaynab mahallasidagi Ibn Tulun maydonida joylashgan. Ahmad ibn Tulun bu jomeni din, Qurʼon, lugʻat (til) ilmlarini oʻrgatadigan oliygoh qilgan, uni yetuk olimlar va muhaddislar makoniga aylantirgan edi. Keyinchalik bu ilm dargohida dorixona, shifoxona qurdirib, kuchli tabib va dorishunoslarni ham jalb qildi.
Bundan tashqari, Ahmad ibn Tulun Qatoeʼ shahriga asos soldi, Islom zamonida u Fustot shahridan keyin Misrning uchinchi poytaxtiga aylandi.
Misr taraqqiyotida ixshidiylarning ham alohida oʻrni bor. Amir Abu Bakr Muhammad ibn Togʻoch Ixshidiy barpo ettirgan oʻttiz olti faddonli ”Ixshid bogʻi” bunga misoldir. Amirning oʻzi shu bogʻda yashagan va ishlagan edi. Bu joy hozirda Moski koʻprigi yaqindagi yangi koʻcha va Shaʼroniy jomei oraligʻida joylashgan.
Podshohlik davri obidalari haqida mulohaza yuritganimizda, oʻsha davrda oʻzbek meʼmorligi Misr imoratsozligiga nechogʻli taʼsir oʻtkazganiga guvoh boʻlamiz. Misol tariqasida Samarqand qubba (gumbaz)larini olaylik. Ularning (piyoz shaklidagi) mahobati, har tomondan bir xil koʻrinishi, uzun, alohida chiqib turuvchi boʻyni tashqaridan juda ochiq, ravshan koʻringan. Holbuki, bu temuriylar imoratsozligining oʻziga xos muhim uslublaridan edi. Xuddi shu narsa biz mulohaza yuritayotgan Hasan ibn Nosir Muhammad ibn Qalavun masjidi qubbasi va Samarqanddagi Amir Temur maqbarasining qubbasi oʻrtasidagi katta oʻxshashlikda yorqin namoyon boʻladi.
Xuddi shu shakl Qusun jomeida ham qoʻllangan. Amir Qusun Oʻzbekiy hijriy 720 yili Tulunboy Oʻzbekxon qizini Nosir Muhammad ibn Qalavunga nikohlash maqsadida kelinga hamroh boʻlib Misrga kelganida 730 hijriy yili oʻz nomi bilan ataladigan jome qurdirgan edi. Uning “Zuvabla” nomli tashqi darvozasi bor. Hozirgi joyi Qohiraning Darbul Ahmar mahallasidagi Magʻribiylar koʻchasida. Bu jome buzilib ketgan boʻlsada, darvozalari saqlanib qolgan. Sayfiddin Oʻzbek Yusufiy barpo etgan “Oʻzbek istirohat bogʻi” hozir ham qohiraliklarning sevimli maskanidir.
Mojida Maxluf,
Misrning Ayn Shams universiteti Sharq tillari kafedrasi mudiri
Komiljon Rahimov tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2008 yil 5-sonidan olindi.