Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni eng buyuk, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan shu qutlugʻ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yoʻlni bosib oʻtganini yana bir bor chuqur his etamiz.
Mana shunday ulugʻ ayyomda butun hayotini ozodlik uchun kurashga bagʻishlagan, bu yoʻlda jon fido qilgan ota-bobolarimiz, mard va jasur yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltiramiz.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi, Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimovning barhayot nomlarini hurmat va ehtirom bilan yodga olamiz.
Aziz doʻstlar!
Mustaqillik tufayli biz dunyo hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi boʻlib, yorugʻ kelajagimizni oʻz qoʻlimiz bilan bunyod etmoqdamiz.
Istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari dadil qadam qoʻymoqdamiz.
Mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Bu noyob hujjatda belgilangan ulugʻvor vazifalarni roʻyobga chiqarishga qatʼiy kirishganimiz biz uchun yangi ufq va imkoniyatlar ochib bermoqda.
Dunyo miqyosida raqobat keskinlashib borayotgan hozirgi murakkab davrda mamlakatimizni ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangilash eng muhim vazifamizga aylanmoqda. Ana shunday oʻtkir talabni chuqur anglagan holda, biz 2018 yilni yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qildik.
Bu borada qabul qilingan Davlat dasturida 11 trillion 200 milliard soʻm va 1 milliard 300 million AQSH dollari hajmidagi ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Dastur ijrosini taʼminlash uchun keng koʻlamdagi ulkan ishlar olib borilmoqda.
Yurtimizda faol investitsiya siyosati yuritilmoqda, zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, tadbirkorlik va xususiy mulkni rivojlantirish, barcha soha va tarmoqlarda innovatsiya, ilm-fan yutuqlari, yangicha va ijodiy yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor berilmoqda. Qishloq xoʻjaligida zamonaviy, istiqbolli tarmoqlarga asos solish, klaster tizimini yoʻlga qoʻyish, fermer xoʻjaliklarining natijadorligini kuchaytirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday ulkan saʼy-harakatlarimiz natijasida yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlik taʼminlanmoqda.
Biz uchun eng ustuvor vazifa boʻlgan aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish boʻyicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mamlakatimizning eng chekka hududlariga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirmoqda. Odamlarning fikri, dunyoqarashi oʻzgarmoqda, qishloqda turmush madaniyati oshib bormoqda.
Butun mamlakatimizni qamrab olgan mazkur dasturlar doirasida 416 ta qishloq va 105 ta mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda. Bularning barchasi jonajon Oʻzbekistonimizning yangi, obod qiyofasini yaratish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Aholimizning zamonaviy uy-joyga boʻlgan talab va ehtiyojlarini taʼminlash maqsadida joriy yilda 13 ming 900 dan ziyod oilaga moʻljallangan 335 ta koʻp qavatli turar joy foydalanishga topshirildi. Yil oxirigacha bu raqam 2017 yilga nisbatan 2 barobar koʻpayadi.
Ana shu yoʻnalishdagi ishlar qishloq joylarda ham yangilangan loyihalar asosida olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar qishloqlarda 40 mingta oila yangi xonadonlarga koʻchib kirdi.
Bu borada biz ilgari yetarlicha eʼtibor bermagan muhim masala – yaʼni, kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan insonlarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Buning tasdigʻini oʻtgan 2 yilda 1000 nafardan ortiq shu toifaga mansub insonlar uy-joy bilan taʼminlangani misolida koʻrish mumkin.
Albatta, barchamizni xursand qiladigan bunday oʻzgarishlar ming-minglab oilalar hayotiga shodlik va baxt olib kelmoqda.
Hech shubhasiz, hayotda mana shunday quvonchli voqealar yuz berganda insonning qaddi ham, qadri ham koʻtariladi. Bunday damlarda adolat haqida gapirmasangiz ham odamlar haqiqat va adolat borligiga ishonadi.
Ilohim, yurtimizda uy toʻylari, hovli toʻylari yanada koʻpaysin, bu xonadonlarda yangi hayot boshlayotgan odamlar murod-maqsadiga yetsin!
Aholi bandligini taʼminlash, har bir oilada tadbirkorlik muhitini yaratish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Keyingi ikki yilda mamlakatimiz boʻyicha 700 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ish bilan taʼminlangani, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga 25 trillion soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgani ana shunday saʼy-harakatlar natijasidir.
Muhtaram yurtdoshlar!
Biz mamlakatimizda qanday dastur va rejalar qabul qilsak, ularning barchasida umidimiz, kelajagimiz boʻlgan yoshlarimiz manfaatlarini alohida hisobga olmoqdamiz.
Bu haqda soʻz yuritganda, mamlakatimizda yangi oliy oʻquv yurtlari, xorijdagi nufuzli universitetlarning filiallari tashkil etilayotgani, qabul kvotalari oshirilgani, koʻpgina yoʻnalishlar boʻyicha sirtqi boʻlimlar ochilganini alohida qayd etish lozim.
Ayni vaqtda buyuk allomalarimiz nomidagi maxsus maktablar, hududlarimizda atoqli adiblarimiz nomidagi ijod maktablari ish boshlagani, yoshlarimiz oʻrtasida turli tanlov va festivallar, sport musobaqalari muntazam oʻtkazib kelinayotgani ularning ilmiy va ijodiy kamolotida katta rol oʻynamoqda.
Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor”, “Jinoyatga jazo muqarrar” degan muhim prinsiplarni taʼminlash, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, advokatura tizimi faoliyatini takomillashtirish, ularni tom maʼnoda inson huquq va manfaatlari himoyachisiga aylantirish boʻyicha ham salmoqli ishlar qilinmoqda.
Ana shunday oʻzgarishlar tufayli biz yillar davomida deyarli unutib qoʻygan tartib-intizom, qonun-qoida, odamlarning haqli talablari bilan hisoblashish kabi eng muhim tamoyillar hayotimizda tobora chuqur oʻrin egallamoqda.
Xalqimizga xos kechirimli, rahm-shafqatli boʻlish, bagʻrikenglik va olijanoblik fazilatlari asosida jamiyatimizda sogʻlom ijtimoiy muhit mustahkamlanib bormoqda.
Bilib-bilmay notoʻgʻri yoʻlga kirib qolgan, oʻz qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan fuqarolarni kechirish, ularni oilasi bagʻriga, foydali mehnatga qaytarishga qaratilgan tadbirlar haqida sizlar yaxshi xabardorsiz.
Kuni kecha qabul qilingan Prezident farmoniga binoan qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan 261 nafar shaxs Mustaqillik bayrami munosabati bilan afv etilgani shu ezgu ishlarimizning davomi boʻldi.
Tasavvur qiling, 261 inson taqdiridagi bunday oʻzgarish – bu avvalo ularning oilasi, farzandlari, ota-onalari, yaqinlari hayotiga nur olib kirdi, quvonch olib kirdi, deganidir.
Aziz yurtdoshlar!
Bugun bir fikrni toʻla ishonch bilan aytish mumkin: butun jamiyatimizni qamrab olayotgan ana shunday ezgu ishlarimiz tufayli hayotimizda fayzu baraka, millatlararo doʻstlik va mehr-oqibat tuygʻulari kuchayib bormoqda.
Eng muhimi, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish yoʻlida olib borayotgan ichki va tashqi siyosatimiz el-yurtimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Xalqimizning roziligi – bizning, birinchi navbatda, Prezident sifatida mening, barcha boʻgʻindagi rahbar va mutasaddilar, deputat va senatorlar, butun davlat idoralarining faoliyatiga berilgan eng oliy va eng adolatli bahodir.
Agar xalqimiz bizdan rozi boʻlsa, Yaratgan ham albatta rozi boʻladi.
Bu haqiqatni hech kim hech qachon unutmasligi zarur.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Mana, bugun Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga ana shu mukofotlar markazda va joylarda tantanali ravishda topshirildi.
Oʻzining koʻp yillik fidokorona mehnati bilan el-yurtimiz oʻrtasida katta obroʻ-eʼtibor topgan bu insonlarni oʻz nomimdan, sizlarning nomingizdan yana bir bor tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz.
Jonajon Oʻzbekistonimizda, barcha shahar va qishloqlarimizda sizlar kabi fidoyi odamlar safi yanada kengayib, olijanob mehnatingiz samarasidan avvalo oʻzingiz, oilangiz, el-yurtimiz bahramand boʻlsin!
Xonadonlaringizdan baxtu saodat, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichiga qadam qoʻyar ekanmiz, biz yutuqlarimiz bilan birga xato va kamchiliklarimizni ham chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish haqida oʻylashimiz tabiiydir. Chunki bu ishlarni oʻzimiz qilmasak, hech kim chetdan kelib muammolarimizni hal qilib bermaydi.
Bu haqda soʻz borganda, yurtimizda xalq bilan muloqotning mutlaqo yangi va samarali tizimi joriy qilinganini aytish oʻrinli, deb oʻylayman. Bugungi kunda xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qila boshlagani uchun ham odamlarning fikri, dunyoqarashi oʻzgarmoqda, el-yurtimiz oʻz kuchi va imkoniyatlariga, ertangi kunga ishonch bilan qaramoqda.
Shuning uchun bir haqiqatni taʼkidlab aytmoqchiman: xalq bilan bevosita muloqot olib borish, uning dardu tashvishlari bilan yashash, el-yurtimizni rozi qilish – bu vaqtinchalik kampaniya emas. Bu – xalqimizning farovon hayotini, yurtimiz ravnaqini taʼminlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyadir.
Aziz doʻstlar!
Bugungi tahlikali zamonda bebaho boyligimiz boʻlgan tinch-osoyishta, erkin va obod hayotni har tomonlama asrab-avaylash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz boʻlib qolmoqda. Shu maqsadda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirishga bundan buyon ham alohida eʼtibor qaratamiz.
Biz dunyo miqyosidagi keskin va beshafqat raqobatga bardosh berish uchun iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, jahon bozoridan munosib oʻrin egallash, mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirishga erishmogʻimiz zarur.
Tadbirkorlik faoliyati erkinligini, xususiy mulk daxlsizligini yanada kengroq taʼminlash – oldimizda turgan muhim vazifadir.
Bu borada yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan birga, turizm, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, dehqon va tomorqa xoʻjaliklarini, hunarmandchilik va kasanachilikni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratamiz.
Ayniqsa, aholi salomatligini mustahkamlash, xalqimiz hayotini yanada yaxshilash, kam taʼminlangan qatlamlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida biz “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini qabul qildik. Ushbu dastur ijrosi uchun shu yilning oʻzida 786 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Buning natijasida, jumladan, 100 mingdan ortiq yoshlarimizning bandligi taʼminlanadi.
Yosh oilalarni zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash, yoshlarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha belgilangan katta ishlar izchil davom ettiriladi.
Hurmatli vatandoshlar!
Shu kunlarda Indoneziyada 45 ta mamlakat vakillari oʻrtasida boʻlib oʻtayotgan yozgi Osiyo oʻyinlarida navqiron sportchilarimiz shijoat va mahorat koʻrsatib, 15 ta oltin, 19 ta kumush, 23 ta bronza medalni qoʻlga kiritganlari hammamizga quvonch bagʻishlaydi.
Mamlakatimiz shuhratini dunyoga tarannum etayotgan sportchi yoshlarimizga, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylariga sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Qadrli anjuman qatnashchilari!
Biz jahon hamjamiyati bilan, barcha uzoq-yaqin davlatlar, birinchi navbatda, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona aloqalarni yanada kuchaytiramiz.
Turli xalqaro tashkilotlar, nufuzli moliya institutlari bilan keng tarmoqli hamkorlikni rivojlantirish bizning milliy manfaatlarimizga toʻla javob beradi va biz bu yoʻlni qatʼiy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga, chet ellik sheriklarimizga, Oʻzbekistonning barcha doʻstlariga sizlarning nomingizdan, oʻz nomimdan samimiy hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimizni bildirishga ijozat etgaysiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Barchangizni Oʻzbekiston davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy tabriklayman.
Mana shu ulugʻ ayyomda barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori boʻlgan mehnatkash, mard va saxovatli, bagʻrikeng va olijanob xalqimizga farzandlik mehrim bilan taʼzim qilaman.
Fursatdan foydalanib, koʻnglimdagi eng ezgu tilaklarni bildirmoqchiman.
Bugun barchamiz nuroniy oqsoqollar, muhtaram faxriylarimizga mustahkam sogʻliq, uzoq umr tilaymiz.
Moʻtabar, duogoʻy onaxonlarimizga chin yurakdan farzandlik tashakkurimizni bildiramiz.
Xonadonlarimiz koʻrki va farishtasi boʻlgan munis ayollarimiz doimo sogʻ-omon, baxtli-saodatli boʻlsinlar! Chunki ayol, ona baxtli boʻlsa – jamiyat baxtlidir.
Vatanimiz va xalqimizga oʻzining bilim va zakovati, maʼnaviy salohiyati bilan xizmat qilayotgan ilmiy va ijodkor ziyolilarimizga yangi-yangi yutuqlar yor boʻlsin!
Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik yanada barqaror boʻlsin!
Azmu shijoatli yoshlarimizning, barcha farzandlarimizning baxtu kamolini, omadini bersin!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʻlsin!
Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!