Chet ellik hamkorlarimizga Oʻzbekistonning davlat mukofotlari topshirildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-avgustdagi farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijlik ishbilarmonlar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan edi.

31-avgust kuni mamlakatimiz tarixida birinchi marta chet elliklarga Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

897cf27a-a662-1637-84a1-967d7acdd48f.jpg
– Bugun koʻp millatli xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligini keng nishonlamoqda, – dedi davlatimiz rahbari. – Ushbu tarixiy sanani biz bilan birgalikda davlatimizning koʻp sonli doʻstlari va sheriklari – diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy kompaniyalar va moliya institutlari vakillari bayram qilayotgani bizni quvontiradi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston faol tashqi siyosat yuritmoqda. Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya hamda Yaponiya, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar jadal rivojlanmoqda. Dunyoning yetakchi kompaniyalari, xalqaro tashkilotlar mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilayotir.

Xususan, joriy yilda qoʻshni davlatlar bilan munosabatlar yanada faollashdi. Jumladan, Tojikiston Respublikasi bilan hamkorligimiz strategik darajaga koʻtarildi. Mamlakatlarimiz Prezidentlarining azmu shijoati va uzoqni koʻzlab yuritayotgan siyosati tufayli doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasida tarixiy yutuqlarga erishildi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga davlat tashrifi tarixiy voqea boʻldi. Davlat rahbarlarining ochiq, oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlari nafaqat Oʻzbekiston – Tojikiston hamkorligini rivojlantirish, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Davlatimizning ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati natijasida Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvlari faollashdi. Prezidentimizning Tojikistonga davlat tashrifi doirasida oʻzaro hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa yetakchi sohalarda rivojlantirishga doir 27 hujjat imzolandi.

Davlatimiz rahbari chet ellik hamkorlarni hamda qardosh Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qoʻshgan aziz mehmonlarni chin yurakdan qutlab, samimiy doʻstlik va hamkorlik uchun ularga chuqur hurmat va tashakkurini izhor etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning “USM Holding” aksiyadorlik jamiyati taʼsischisi va rahbari Alisher Usmanovga “El-yurt hurmati” ordeni, Rossiyaning “LUKOYL” ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperov, Germaniyaning “KNAUF” korxonalari guruhi ishtirokchilari Kengashi aʼzosi Nikolaus Knaufga “Doʻstlik” ordenlari, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, Tojikiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Nizom Qosim, Tojikiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash sohasi xodimlari malakasini oshirish institutining kardiojarrohlik kafedrasi mudiri Tashpulat Gulmurodovga “Mehnat shuhrati” ordenlari, Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar merosi fondining boʻlim mudiri Ali Muhammadiyev, Tojikiston Respublikasi Geodeziya va yer boshqaruvi davlat qoʻmitasining chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish davlat geodeziya nazorati inspeksiyasi boshqarma boshligʻi Iftixor Djurayev, Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasining S.Umarov nomidagi fizika va texnika instituti bosh xodimi Raxim Marupov, Tojikiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Hasan Berdiqulovga “Doʻstlik” ordenlari, “S.Ayniy nomidagi opera va balet akademik teatri” davlat muassasasi badiiy rahbari Adham Xoliqov, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Televideniye va radio qoʻmitasining “Falak” davlat ansambli badiiy rahbari Davlat Xolovga “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonlarini topshirdi.

430fd5aa-4d52-ff7c-1740-fcc6f5f76edf.jpg
a1eb506c-f37b-d62a-03dc-0a5f9f4e7352.jpg
c9d24ad6-8ed3-a333-79a1-f6b3e27d782c.jpg
e1664635-8a79-53c5-a83e-c592d6a0ab09.jpg
8e4c6654-9360-046b-646e-e72b0a3bf42a.jpg
fcf981a2-4a88-bb7b-3588-0de1aff07419.jpg
Rossiyaning “USM Holding” aksiyadorlik jamiyati taʼsischisi va rahbari Alisher Usmanov, Rossiyaning “LUKOYL” ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperov, Germaniyaning “KNAUF” korxonalari guruhi ishtirokchilari Kengashi aʼzosi Nikolaus Knauf Oʻzbekiston bugungi kunda jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorlik olib borish maqsadida barcha davlatlar, ayniqsa, qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganini eʼtirof etib, Oʻzbekiston Respublikasining yuksak mukofotlariga munosib koʻrgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

 

Umar Asrorov, OʻzA