Oʻzbekistonda gemodializ xizmatini koʻrsatuvchi klinikalar tashkil etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov hamda Germaniyaning nufuzli “VAMs GmbH” kompaniyasi rahbari Isroil Izoxov oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi.
Jizzaxda viloyatning sarmoyaviy salohiyatini oshirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga bagʻishlangan xalqaro forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Rossiya, Belarus, Latviya, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA, Isroil, Qozogʻiston, Singapur singari 28 mamlakatdan 300 ga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda. Shuningdek, chet el diplomatik missiyalari, qator xalqaro moliya institutlari, yirik xorijiy kompaniyalar vakillari ham ishtirok etishyapti.
Ushbu xalqaro investitsion forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov hamda Germaniyaning nufuzli “VAMs GmbH” kompaniyasi rahbari Isroil Izoxov oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi. Unga koʻra, mamlakatimizda aholiga nefrologik va gemodializ yordam sohasida yangi investitsiya loyiha amalga oshiriladi.
Jumladan, yuqoridagi hamkorlik doirasida yurtimiz sogʻliqni saqlash tizimiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, nefrologiya sohasida dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish uchun sanoat kompleksini yaratish koʻzda tutilmoqda. Natijada, mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida mavjud gemodializ qurilmalari modernizatsiya qilinadi va ularning zamonaviy tibbiy jihozlar bilan toʻliq taʼminlash ishlari amalga oshiriladi. Davlat-xususiy sektor hamkorligi tamoyillari boʻyicha gemodializ xizmatini koʻrsatuvchi 20 ga yaqin yangi tibbiy klinikalar tashkil etiladi. Bundan tashqari, 2019 yilda Jizzax shahrida tumanlararo gemodializ markazini ochish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, gemodializ uchun tibbiy materiallarni ishlab chiqaruvchi zavod quriladi.
Ushbu kelishuv boʻyicha 2022-yilgacha rejalashtirilgan investitsiya hajmi 27 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Axborot xizmati

 

OʻzA